«Dolzarb 40 kunlik» doirasida aeroport hududi obod bo‘ldi
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan «Yashil makon» umummilliy loyihasini hayotga tatbiq etish maqsadida e’lon qilingan «Dolzarb 40 kunlik» doirasida «Qarshi xalqaro aeroporti» MCHJ hududida 4200 metr kvadrat maydonga 1355 ta daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. Shu tariqa aeroport hududidagi daraxtlar soni 3 ming 600 tadan oshdi.
Buning eng muhim jihati shundaki, daraxtlar avialaynerlardan chiqadigan zararli gazlarning xavfini maksimal darajada kamaytiradi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bitta o‘rtacha daraxt bir yilda taxminan 248 kilogramm karbonad angidridni yutib, o‘zidan 200 kilogrammgacha kislorod ishlab chiqaradi. Bundan ko‘rinadiki, Qarshi xalqaro aeroporti hududida yangi ekilgan nihollar ham baravj rivojlanib, avval ekilgan 2559 ta daraxt qatoriga qo‘shilsa, ularning barchasi bir yilda jami 896 tonnadan ziyod g‘uborni yutib, 723 tonnaga yaqin kislorod ishlab chiqarishi mumkin bo‘ladi. Demak, hademay aeroport atrofidagi hudud havosi yanayam musaffolashadi.

Bundan tashqari, daraxtlar suv bug‘i ajratib chiqarib, harorat keskin o‘zgarishining oldini oladi. Issiq havoda atrof-muhitni salqin ushlab turadi, ya’ni mikroiqlim yaratadi. Shamolning yo‘lini to‘sib, havoning aylanishi xavfli bo‘lishining oldini oladi. Ular shovqinni kamaytirib beradi. Bu xususiyatlari ham inobatga olinsa, aeroport atrofida daraxtlar ko‘p bo‘lishi koni foyda.
– Shu bois Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan loyihani korxonamizning barcha xodimlari xursandchilik bilan qarshi oldi, – deydi aeroport direktori O‘ktam Qurbonnazarov. – Ular o‘zlari ekkan nihollarni o‘zlari parvarish qilish niyatidalar. Parvozlar xavfsizligiga daxl qiladigan darajada baland o‘smaydigan, qushlar galasi tunamaydigan, ya’ni ninabargli daraxtlar turlarini tanlab ekishga alohida e’tibor qaratdik.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, aeroportda avval ekilgan daraxtlar raqamlab chiqilib, elektron bazaga kiritilgan. Bu daraxtlarning tizimli ravishda sug‘orilishi, parvarishlanishini kuzatib turish imkonini beradi. Bundan tashqari, raqamlanganini ko‘rgan odamlar bu daraxtlar nazorat ostida ekanini his etadi va shunga yarasha munosabatda bo‘ladi.
Ya’ni raqamlash fuqarolarning ekologik madaniyatini oshirishga ham xizmat qiladi. Hududda Qrim qora qarag‘ayi, virgen va skayuoker archalari kabi noyob daraxtlar ham bor. Yangi ekilgan ko‘chatlarning ham elektron bazasi yaratilib, parvarishi nazoratga olinishi ko‘zda tutilmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA.