Dissertatsiyani Moskvada himoya qildi
Tibbiyot — nafaqat kasb, balki inson taqdiri uchun mas’uliyat, hayot va o‘lim o‘rtasidagi nozik chiziqda kechadigan fidokorlikdir. Ana shunday sharafli yo‘lni tanlab, nafaqat minglab bemorlarga shifo ulashayotgan, balki ilm-fan sohasida ham yuksak natijalarga erishayotgan sirdaryolik shifokor Xurshid Hakimov navbatdagi muhim muvaffaqiyatga erishdi.
Mirzaobod tumanida tug‘ilib voyaga yetgan Xurshid Hakimov Toshkent tibbiyot oliygohi talabasidan xalqaro darajada e’tirof etilgan mutaxassis va olim darajasigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. U bilim va tajribasini yanada boyitish maqsadida tahsilini Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida davom ettirdi. Bu yerda yurak-qon tomir jarrohligi sohasidagi dunyoga mashhur olim, tibbiyot fanlari doktori, Rossiya Fanlar akademiyasi professori Karen Valerevich Petrosyan rahbarligida faoliyat yuritib, zamonaviy endovaskulyar jarrohlik bo‘yicha chuqur bilim va boy amaliy tajriba orttirdi.
Yaqinda Moskva shahridagi A.N.Bakulev nomidagi Yurak-qon tomir jarrohligi milliy tibbiy tadqiqot markazida uning «Tug‘ma yurak nuqsonlari gemodinamik tuzatilgan bemorlarda arterial va venoz malformatsiyalarni endovaskulyar davolash» mavzusidagi dissertatsiyasi muvaffaqiyatli himoya qilindi.

Tadqiqot natijalari jahon kardioxirurgiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan taniqli olimlar — A.N.Bakulev nomidagi Yurak-qon tomir jarrohligi milliy tibbiy tadqiqot markazi prezidenti, Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi Leo Antonovich Bokeriya hamda markaz direktori, Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi Yelena Zelikovna Goluxova boshchiligidagi mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi. Ilmiy kengash a’zolarining mutlaq ko‘pchiligi mazkur ilmiy ishni dolzarb va amaliy ahamiyatga ega deb topib, muallifni tibbiyot fanlari nomzodi ilmiy darajasiga munosib deb e’tirof etdi.

Mazkur tadqiqot tug‘ma yurak nuqsonlari bilan og‘rigan bemorlarda uchraydigan murakkab qon tomir o‘zgarishlarini kam invaziv usullar orqali davolashning samarali yechimlarini ishlab chiqishga bag‘ishlangan bo‘lib, uning natijalari zamonaviy kardiologiya va endovaskulyar jarrohlik amaliyoti uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Xurshid Hakimovning faoliyati faqat ilmiy izlanishlar bilan cheklanib qolgani yo‘q. U o‘z bilim va tajribasini Sirdaryo viloyati aholisi salomatligini muhofaza qilishga ham bag‘ishlab kelmoqda.
2020-yilda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo mintaqaviy filialiga Germaniyada ishlab chiqarilgan, qiymati 4 milliard 2 million 313 ming so‘m bo‘lgan zamonaviy «Siemens Artis One» angiografik majmuasi o‘rnatildi. Biroq yuqori texnologiyali mazkur uskuna bilan ishlay oladigan mutaxassislarga ehtiyoj katta edi.
O‘sha davrda Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib faoliyat yuritgan marhum tibbiyot fanlari doktori Rustam Yo‘ldoshevning taklifi va sobiq viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayevning qo‘llab-quvvatlashi bilan Xurshid Hakimov viloyatga taklif etildi. U Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo mintaqaviy filialida endovaskulyar jarrohlik bo‘limi boshlig‘i sifatida ish boshladi. Keyinchalik Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari lavozimida ham samarali mehnat qildi.

Bugungi kunda mazkur bo‘lim viloyat tibbiyotining eng zamonaviy markazlaridan biriga aylangan. Shu vaqtga qadar bo‘lim mutaxassislari tomonidan 4 mingdan ortiq bemorda yuqori texnologiyali tashxis va davolash amaliyotlari bajarildi. Jumladan, yurakning koronar qon tomirlarini stentlash, periferik arteriyalarni stentlash, qon tomirlarni angioplastika qilish, yurak ritmi buzilishlarini aniqlash va radiochastotali ablyatsiya usuli orqali davolash kabi murakkab amaliyotlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Bu borada Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Rossiyadagi Bakulev nomidagi markaz bilan o‘rnatilgan hamkorlik aloqalari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, professor Karen Petrosyan ishtirokida Sirdaryoda tashkil etilgan mahorat darslari davomida qator murakkab endovaskulyar amaliyotlar muvaffaqiyatli bajarildi. Bu mahalliy mutaxassislarning malakasini oshirish va aholiga ko‘rsatilayotgan yuqori texnologiyali tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash imkonini bermoqda.

Eng muhimi, avvallari yurak-qon tomir kasalliklarini davolash uchun poytaxt yoki xorijiy klinikalarga murojaat qilishga majbur bo‘lgan bemorlar bugun o‘z hududida zamonaviy tibbiy yordam olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu esa nafaqat vaqt va mablag‘ni tejash, balki ko‘plab insonlarning hayotini saqlab qolishga xizmat qilmoqda.

— O‘z kasbini sevgan inson uchun har qanday lavozimdan ko‘ra, odamlarga naf keltirayotgan mehnati qadrliroq. Og‘ir ahvoldagi bemorning hayotini saqlab qolish, uning dardiga davo bo‘lishdan ortiq baxt yo‘q. Chunki sog‘liq inson uchun eng katta boylikdir. Shu kasbni tanlaganimdan va insonlarga yordam berayotganimdan faxrlanaman, — deydi tibbiyot fanlari nomzodi, endovaskulyar jarroh Xurshid Hakimov.
Mirzaoboddan boshlangan bu yo‘l bugun xalqaro ilm-fan minbarlarida e’tirof etilmoqda. Biroq olim uchun eng katta mukofot ilmiy daraja yoki yuksak unvon emas. Bu — hayotga qaytayotgan bemorning tabassumi, sog‘ligi tiklangan insonning minnatdorligi va yurtdoshlari salomatligi yo‘lida qilingan xizmatlardir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri