Direktor tashabbuskor, tadbirkor va tashkilotchi bo‘lsa..
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi 24-umumta’lim maktabi direktori Behruz Bafoyev sohadagi islohotlarning mazmun-mohiyatini to‘g‘ri anglagan holda mahoratli boshqaruvchi, malakali pedagog, tashabbuskor, tadbirkor va faol tashkilotchi hamdir.
Bu lavozimga tayinlanganiga endigina 8 oy bo‘lgan 29 yoshli bu serg‘ayrat rahbar o‘tgan shu qisqa vaqt mobaynida maktabda ta’lim-tarbiya sifatini oshirishga qaratilgan salmoqli ishlarni amalga oshirdi.

Avvalo ta’lim muassasasida o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi va o‘qituvchilarning samarali faoliyat yuritishi uchun qulay sharoitlar yaratishga e’tibor qaratdi. Bunda maktabda mavjud qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanishga, ona-onalar va mahalla ahli hamda mahalliy tashkilotlarning mas’uliyatini oshirishga intildi.
Buning natijasida maktab atrofidagi ekin yerlaridan va futbol stadionini ijaraga berish orqali 5 million 600 ming so‘m daromad olindi. Topilgan mablag‘ hisobiga qurilish materiallari xarid qilindi. Maktab ta’miri uchun foydalanildi.

Shuningdek, “Tashabbusli byudjet” loyihasining 1-mavsumida maktabga 420.000.000 so‘m mablag‘ hisobiga sun’iy qoplamali mini futbol maydoni qurildi. 2-mavsumda 605.000.000 so‘m mablag‘ hisobiga maktabning fasad, tom qismi, issiqlik tizimi, va laboratoriya xonalari ta’mirlandi. Bir so‘z bilan aytganda, maktab tumandagi eng namunali ta’lim muassasalaridan biriga aylantirildi.
Yangi o‘quv yili oldidan tumandagi maktablar direktorlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan amaliy seminar aynan shu maskanda bo‘lib, amalga oshirilgan namunali ishlar taqdimot qilindi.

Seminar jarayonida ishtirokchilar direktor tashabbuskor bo‘lsa, maktabda biror yangilik qilish uchun davlat byudjetidan mablag‘ ajratilishini kutib o‘tirish shart emasligiga ishonch hosil qilishdi.
– Maktabimizda yangi o‘quv yilida 784 nafar o‘g‘il-qiz tahsil olishi kutilmoqda, – deydi shijoatli direktor. – Pedagogik jamoamiz 60 nafar tajribali va mahoratli o‘qituvchilardan tarkib topgan. Muallimlarimizning 7 nafari oliy, 12 nafari 1-, 22 nafari 2-malaka toifasiga ega. Ikki nafar ustozimiz esa respublika tanlovlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, ish tajribalari respublika miqyosida ommalashtirildi. Yangi o‘quv yilini yangicha ishtiyoq va rejalar bilan kutyapmiz. 2022-2023 o‘quv yilida ta’lim sifatini oshirish yo‘nalishida yuqori ko‘rsatkichlarga erishishni maqsad qilganmiz.


Zarif Komilov, O‘zA