Dinshunoslikning dolzarb muammolari
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Dinshunoslikning dolzarb muammolari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy onlayn konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov ochdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov va boshqalar mamlakatimizda dinshunoslik rivojiga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Zoom platformasi orqali o‘tkazilgan konferensiyada dinshunoslik bo‘yicha bugungi holat, istiqboldagi rejalar xususida atroflicha so‘z yuritildi.

– Yurtimizda turli millat va din vakillari istiqomat qiladi, – dedi Homidjon Ishmatbekov.
– Tabiiyki, nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyoda millatlar, dinlar, g‘oya va fikrlarning turlicha bo‘lgani tabiiy jarayon sanaladi. Eng muhimi, mana shu turli millat va din vakillarini o‘zaro hamjihatlikda, bir-biri bilan ahil-inoq bo‘lib yashashi, dunyo obodligi yo‘lida xizmat qilishi shubhasiz.
Mazkur anjumanda dinshunoslik, tarix, falsafa, xalqaro munosabatlar singari dunyoviy ta’lim yo‘nalishlari hamda Qur’on ilmlari, hadisi sharif, islom huquqi, tasavvuf, manbashunoslik kabi diniy ta’lim yo‘nalishlari bilan bog‘liq fanlarni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ilmiy izlanishlar natijalari ham keng jamoatchilikka tanishtirildi.
Ilmiy-amaliy tadbirda “Dinshunoslik vazifalari va milliy qadriyatlarimiz”, “Uchinchi renessans davrida diniy-ma’rifiy sohaga e’tibor”, “Dinshunoslik fanlarini modul tizimi asosida masofaviy o‘qitish” kabi ma’ruzalar tinglandi. Shu bilan birga “Dinshunoslik” va “Diniy ekstremizmga qarshi kurashning ma’naviy-ma’rifiy asoslari” fanlarining huquqni muhofaza qilish organlari tizimida o‘qitilishi zarurati”, “Avestoda tarixiy vaqt masalasi”, “O‘zbekistonda oliy diniy ta’lim: azaliy qadriyatlar va zamonaviy texnologiyalar uyg‘unligi yo‘lida”, “Tarbiya” fani konsepsiyasi: maqsad va vazifalar” kabi mavzulardagi ma’ruza ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.
– Xalqimiz o‘zining rivojlanish tarixida bir qancha ilmiy yutuqlarga erishib, jamiyatda ilm-fan, san’at va madaniyatni yuksaltirgan buyuk siymolarni tarbiyalab, jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan mamlakat sifatida e’tirof etiladi, – deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Bobomurod Rustamov.
– Yurtimiz yangi taraqqiyot bosqichiga o‘tdi. So‘nggi yillarda fan va ta’lim sohasida amalga oshirilgan ulkan islohotlar alohida e’tiborga molik. Ma’lumki, jamiyat insoniyat taraqqiyoti ezgu maqsadlar mushtarakligi asosida yuzaga keladi. Bunda albatta, diniy qarashlar muhim rol o‘ynaydi.
Anjumanda oliy ta’lim muassasalarida dinshunoslik fanlaridagi yangiliklar, bu boradagi ilmiy metodologik uslublar haqida so‘z bordi.
– Prezidentimiz tomonidan 2019 yilning 8 oktyabrida “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi, – deydi “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish YUNESKO kafedrasi mudiri Mahfuza Alimova.
– Hujjatda “oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga o‘tkazish” belgilandi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham 2020-2021 o‘quv yilidan mazkur tizimga o‘tildi. Dinshunoslik fanlarining modul tizimi asosida joriy etilishi o‘qituvchi va talabaning hamkorlikda ishlashida muhim omil hisoblanadi. Modulli ta’limda eng katta urg‘u talabalarning mustaqil ta’lim olishiga qaratiladi. Dinshunoslik fanlarini o‘qitishda modulga asoslangan o‘quv dasturlari maxsus sxema asosida ishlab chiqildi. Zero, bugungi pandemiya sharoiti ham masofaviy ta’limni rivojlantirishni talab etmoqda.

Xalqaro islom akademiyasi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, konferensiya mavzusi doirasida dinshunoslik, islomshunoslik, tarix, falsafa, din psixologiyasi kabi ijtimoiy fanlar yo‘nalishiga oid ko‘plab ilmiy maqolalar kelib tushgani anjuman nufuzi yil sayin ortib borayotganidan darak beradi. Mazkur maqolalar konferensiya materiallari to‘plamidan o‘rin olgan. To‘plam 70 dan ortiq maqolalarni o‘zida jamlagan bo‘lib, unda diniy bag‘rikenglik, milliy va diniy qadriyatlar uyg‘unligi, ajdodlar ilmiy-ma’naviy merosining ma’naviy hayotimizda tutgan o‘rni kabi mavzular o‘z ifodasini topgan.
N.Usmonova, O‘zA