Diniy-ma’rifiy ta’limning dolzarb masalalari
Islom sivilizatsiyasi markazida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti tashkil etilganining 55 yilligi munosabati bilan “Dolzarb aqidaviy va zamonaviy fiqhiy masalalar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Islom sivilizatsiyasi markazi, xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, diniy ta’lim muassasalari vakillari, taniqli ulamolar, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va imom-xatiblar ishtirok etdi.
Anjumanda mamlakatimizda diniy ta’lim va ilm-fan rivoji, boy ilmiy-ma’naviy merosni o‘rganish, malakali diniy kadrlar tayyorlash hamda zamonaviy aqidaviy va fiqhiy masalalarga ilmiy asoslangan yechimlar topish borasidagi vazifalar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, 1971-yil 1-noyabrda muftiy Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti o‘tgan 55 yil davomida mamlakatimiz diniy-ma’rifiy hayotida o‘ziga xos o‘rin egalladi. Mazkur ta’lim dargohida ko‘plab yetuk ulamolar, diniy soha mutaxassislari va ilmiy kadrlar tayyorlandi.
Bugungi kunda institutda 4 ta kafedra faoliyat yuritib, ta’lim jarayoniga 110 nafar professor-o‘qituvchi jalb etilgan. Muassasada ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda institut tarixida ilk bor 10 nafar magistratura bitiruvchisi tayyorlangani ham bu boradagi muhim natijalardan biridir.
Anjumanning yalpi majlisida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov va boshqalar so‘zga chiqdi.
Ma’ruzalarda Toshkent islom institutining diniy ta’lim tizimidagi o‘rni, islom ilmlarini o‘rganish va targ‘ib etish, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, shuningdek, zamonaviy diniy masalalarni ilmiy yondashuv asosida tadqiq etish muhimligi qayd etildi.
Anjuman ishi “Dolzarb aqidaviy masalalar va ularning ilmiy yechimlari” hamda “Zamonaviy fiqhiy masalalar: yangi muammolar va amaliy yechimlar” mavzularida ikki shu’bada davom etdi. Ularda sunniylik manbalari, Hanafiy mazhabi ulamolarining ilmiy qarashlari, zamonaviy e’tiqodiy va fiqhiy muammolar, shuningdek, allomalar merosini o‘rganishga oid ma’ruzalar tinglandi.
Tadbir doirasida institutning 55 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan maqolalar tanlovi g‘oliblari, Rossiyaning Qozon shahrida o‘tkazilgan IV xalqaro olimpiadada sovrinli o‘rinlarni egallagan talabalar taqdirlandi. Diniy ta’lim va ilm-fan rivojiga munosib hissa qo‘shgan bir guruh ustozlarga “Faxriy professor” unvoni topshirildi.
[gallery-32253]
Anjuman yakunida dolzarb aqidaviy va fiqhiy masalalar yuzasidan ilmiy tavsiyalar ishlab chiqilib, saralangan maqolalarni maxsus to‘plam shaklida nashr etishga kelishib olindi.
Mazkur anjuman diniy ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish hamda ilmiy izlanishlarni yanada rivojlantirish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA