Dillarni va ellarni birlashtirgan adib
Farg‘ona davlat universitetida jahon adabiyotining yirik vakili Chingiz Aytmatov tavalludining 95 yilligiga bag‘ishlangan “Chingiz Aytmatov va jahon adabiyoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda O‘sh va Batken davlat universitetlari, B.Sidikov nomidagi Qirg‘iz-o‘zbek xalqaro universiteti, O‘sh davlat pedagogika universiteti rektorlari ham qatnashdi. Shuningdek, farg‘onalik yozuvchi va shoirlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, adabiyot muxlislari ishtirok etdi.

Anjumanni Farg‘ona davlat universiteti rektori Bahodirjon Shermuhammadov ochib berdi. Barcha mehmonlar va qatnashchilarni tabriklar ekan, anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladi.
– Chingiz Aytmatov nafaqat qirg‘iz xalqining, balki butun Sharqu G‘arb xalqlarining ham sevimli yozuvchisidir. U yaratgan asarlar insoniyatni ezgulikka, to‘g‘rilikka, halollik va mehr-saxovatga, mehnatsevarlik va samimiyatga undashi bilan umrboqiy va o‘lmasdir, – dedi B.Shermuhammadov. – U o‘z asarlari bilan xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Realistik prozaning barcha imkoniyatlaridan samarali foydalanib, jahon adabiyotining badiiy takomiliga sezilarli ta’sir o‘tkaza olgan adib asarlari o‘zbek kitobxonlari uchun ham qadrli va sevimlidir.

Anjumanda ta’kidlanganidek, Qirg‘iziston xalq yozuvchisi, Mehnat va Qirg‘iz Respublikasi Qahramoni Chingiz Aytmatovning “Jamila”, “Sarvqomat dilbarim”, “Birinchi muallim”, “Somon yo‘li”, “Alvido, Gulsari”, “Oq kema” va boshqa asarlari o‘zbek kitobxonlarga yaxshi tanish. Shu bilan birga, “Asrga tatigulik kun”, “Qiyomat”, “Kassandra tamg‘asi” kabi asarlarida nainki bir xalq, balki butun insoniyatga taalluqli dolzarb masalalar bosh mavzu sifatida ko‘tarilgan. Uning asarlari dunyoning 170 dan ortiq tillariga tarjima qilingan, chop etilgan kitoblari adadi 80 milliondan oshadi. Yozuvchining qariyb hamma asari o‘zbek tilida nashr etilgan.
Anjuman qatnashchilari – o‘zbekistonlik va qirg‘izistonlik olimlar, talabalar, ijodkorlar adibning jahon adabiyotidagi salmoqli o‘rni va asarlari, ularda ilgari surilgan insonparvar g‘oyalar, adib ijodining bugungi kundagi ahamiyati xususida fikr bildirdi.

– Bugungi anjuman ko‘tarinki ruhda o‘tayotgani, tadbirning namunali tashkil etilganidan mamnunman. Buning uchun rahbariyatga, universitet rektoriga minnatdorchilik bildiraman. Ma’ruzalar va mutaxassislar fikrlari ham mazmunan boy bo‘ldi, – dedi O‘sh davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori Kapar Zulpukarov. – Bir vaqtlar Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati assambleyasi Prezidenti bo‘lib ishlagan Chingiz Aytmatov ta’kidlaganidek, qardosh hamkasblar uchun tarjimon ham zarur bo‘lmadi. Biz bir-birimizni juda yaxshi tushunamiz, maqsadlarimiz ham mushtarak. Aytish mumkinki, buyuk yozuvchining o‘lmas merosi xalqaro birdamlik, do‘stlik va tinchlikka xizmat qilaveradi.

Xalqaro anjuman doirasida Farg‘ona davlat universiteti hamda O‘sh davlat pedagogika universiteti, Batken davlat universiteti, O‘sh texnologiyalar universiteti, Qirg‘iz-o‘zbek xalqaro universitetlari o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi. Chingiz Aytmatov tavalludining 95 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan turli tanlovlar g‘oliblari taqdirlandi. Shuningdek, qirg‘iz va o‘zbek xalqlari qardoshligi ramzi sifatida oliy o‘quv yurtlari rektorlari ishtirokida “Do‘stlik daraxti” qadaldi. Kunning ikkinchi yarmida viloyat drama teatrida adibning “Jamila” qissasi asosida tayyorlangan spektakl namoyishi bo‘lib o‘tdi.

M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri.