Deputatlar janubda “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonun ijrosini o‘rgandi
Termizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan Surxondaryo viloyatida O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunining II-III boblari ijrosini o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Respublika Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi mutasaddilari, viloyat hokimligi mas’ullari, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlari deputatlari, shuningdek, tegishli davlat, nodavlat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati, O‘zbekiston Ekologik partiyasi viloyat tashkiloti raisi Ibrohim Yoqubov boshqarib borgan yig‘ilishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Baxtiyor Artiqov mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoya qilish, pensiya yoshiga yetgan fuqarolarning ijtimoiy ta’minot huquqini kafolatlash yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar haqida atroflicha so‘z yuritdi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolarning qariganda, mehnat qobiliyatini yo‘qotganda va boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot huquqi kafolatlangan bo‘lib, mazkur huquqlarni amalda ta’minlashda “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Yig‘ilishda Qo‘mita a’zolari Adhambek Ismoilov va Mohira Xo‘jayeva, shuningdek, Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi apparati boshqarma boshlig‘i Nozimjon Jo‘rayev fuqarolarni kafolatli pensiya bilan ta’minlashning huquqiy asoslari, bu borada amalga oshirilgan ishlar hamda tizimni yanada takomillashtirishga qaratilgan kelgusi vazifalar yuzasidan fikr almashdi. Shuningdek, pensiya xizmatlarini ko‘rsatishda inson omilini kamaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Mamlakatimizda 4 million 300 mingdan ortiq fuqaro pensiya oluvchi hisoblanadi. Ularni pensiya bilan ta’minlash uchun har oy o‘rtacha 6,8 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda.
O‘rganish o‘tkazilgan Surxondaryo viloyatida Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi hududiy boshqarmalari tomonidan 290 mingdan ortiq pensionerga xizmat ko‘rsatilmoqda. Shundan 234 mingga yaqini yoshga doir, 35 ming 300 nafari nogironlik, 20 ming 798 nafari esa boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini oladi.

O‘rganish davomida Qonunchilik palatasi deputatlari pensiya ta’minoti tizimida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, jumladan, proaktiv xizmatlarni joriy etish, raqamlashtirish jarayonlari hamda aholiga qulaylik yaratish borasidagi ishlar bilan tanishib, ularga ijobiy baho berdi. Ta’kidlanganidek, kelgusida xizmatlarni bosqichma-bosqich interaktiv va proaktiv shaklga o‘tkazish, bu orqali inson omilini kamaytirish va ortiqcha hujjatbozlikni bartaraf etish ustuvor vazifalardan hisoblanadi.
Yig‘ilishda Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Xudoyberdi Normamatov tomonidan “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonun ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha hisobot taqdim etildi.
Ishtirokchilar tomonidan tizimni yanada takomillashtirish, uning shaffofligi va adolatliligini ta’minlashga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Yig‘ilish yakunida ilgari surilgan fikrlar asosida tegishli davlat organlariga amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqish hamda qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish belgilandi. Shuningdek, ishtirokchilarning savollariga javob berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA