Deputatga bildirilgan murojaatlar joyida hal etildi
Mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyilini hayotimizga izchillik bilan tatbiq etishda siyosiy partiyalar, shu jumladan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi hamda uning deputatlari faollik ko‘rsatmoqda.
Xususan, O’zLiDeP Namangan viloyati kengashi a’zosi, xalq deputatlari Namangan shahar Kengashi deputati Qobiljon Dadaboyev o‘z saylov okrugi hududidagi “Yuksalish” va “Ijodkor” mahallalarida bo‘lib, aholi murojaatlarini o‘rgandi.

“Yuksalish” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan “7-Nurobod” ko‘chasi ahli tomonidan elektr energiyasini yaxshilash bo‘yicha bildirilgan murojaat Davlatobod tumani elektr ta’minoti korxonasi mutaxassislarini jalb etgan holda ijobiy hal qilindi.
Hovli devorini yangilashda amaliy yordam so‘rab bildirilgan murojaatlar yuzasidan "Yuksalish" MFY hududida yashovchi, “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqaro Feruza Turmatova va "Ijodkor" mahallasida yashovchi fuqaro Matluba Xojaxonovaga beton g‘isht mahsulotlari homiylik asosida olib berildi.

Ish bilan ta’minlash yuzasidan murojaat qilgan 15 nafar fuqaroning masalasi joyida ko‘rib chiqilib, ularni “Art Soft Tex” va “Art Soft Chimboy” ishlab chiqarish korxonalariga tikuvchi, tozalovchi, qadoqlovchi, saralovchi va bo‘yoqchi yo‘nalishlarga ishga taklif etildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA