Deputat xotin-qizlar va bolalar muammolarini o‘rgandi
Sirdaryo viloyatida xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy holatini yaxshilash hamda mavjud muammolarni aniqlashga qaratilgan o‘rganish ishlari davom etmoqda. Shu maqsadda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodira Jonibekova hududlarda bo‘lib, aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazdi.
Deputat dastlab Baxt shahridagi 10-sonli musiqa va san’at maktabida bo‘lib, bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar, ta’lim jarayonining tashkil etilishi hamda o‘quvchilar erishayotgan yutuqlar bilan yaqindan tanishdi. Mazkur muassasada 10 ta yo‘nalish bo‘yicha 244 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda, ularga 46 nafar malakali ustozlar ta’lim bermoqda. O‘quvchilarning respublika va xalqaro tanlovlarda erishayotgan yutuqlari alohida e’tirof etildi.
Deputat,shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari faoliyati bilan tanishib, “Buvijonlar” va “Oqila ayollar” klublari a’zolari bilan muloqot o‘tkazdi.

Sirdaryo tumanidagi 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ham uchrashuv tashkil etildi. Unda xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish hamda zo‘ravonlik holatlarining oldini olish masalalari muhokama qilindi.
Deputat yig‘ilganlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 3-mart kuni imzolangan “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ushbu hujjat ijrosi doirasida “Adolat” SDP tomonidan respublika miqyosida amalga oshirilayotgan “Oilalar mustahkamligini kafolatlaylik” aksiyasi Sirdaryo viloyatida ham izchil davom etmoqda. Tadbirlar davomida aholining huquqiy savodxonligini oshirish, profilaktik ishlar samaradorligini kuchaytirish hamda mutasaddi tashkilotlar hamkorligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ta’kidlanishicha, bunday uchrashuv va davra suhbatlari jamiyatda huquqiy ongni yuksaltirish, oilalar mustahkamligini ta’minlash hamda zo‘ravonlikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir yakunida Xazina mahallasi aholisi uchun “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining Sirdaryo viloyat filiali tomonidan bepul dori-darmonlar tarqatildi.
G‘ulom Primov, O‘zA