Deputat va yoshlar o‘rtasida ochiq muloqot
O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi Yoshlar qanoti tomonidan yoshlar bilan ochiq muloqot va samarali hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida “Deputat va yoshlar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Mazkur tadbirda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti San’atshunoslik fakulteti talabalari ishtirok etdilar. Davra suhbati davomida yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni qonun ijodkorligi jarayonlariga keng jalb etish, shuningdek, yosh avlod vakillarining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi Sh.Otemisov, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda yoshlarning o‘rni va ahamiyatiga alohida to‘xtalib, ularning fikr va takliflari qonunchilik jarayonlarida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari tomonidan yoshlar bandligini ta’minlash, ularning madaniy va ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, ta’lim sifati va ijodiy imkoniyatlarini kengaytirish borasida amaliy taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Qoraqalpoq davlat universitetining 2-bosqich magistranti, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Dilnoza Erimbatova o‘z chiqishida yoshlarning jamiyatdagi faol pozitsiyasi, ayniqsa, qizlar faolligini oshirish muhimligi haqida fikr bildirdi.
Talabalar bergan savollarga mutasaddilar tomonidan batafsil javob qaytarilib, ochiq va samimiy muloqot muhiti yaratildi. Bu esa yoshlarning siyosiy ongi va fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar bunday uchrashuvlarni muntazam ravishda tashkil etish, yoshlar bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash zarurligi yuzasidan fikr bildirdilar.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.