Deputat tashabbusi bilan reyd uyushtirildi
Bugun butun dunyo aholisini ekologik muammolar tashvishga solmoqda. Sababi, tabiat izdan chiqqan: suvlar ifloslanmoqda, daraxtlarning kesilishi oqibatida yashillik kamaymoqda, yoqilayotgan chiqindilar esa havoga zaharli moddalarni tarqatmoqda.
Albatta, bunday muammolarning kelib chiqishiga, eng avvalo, insonlarning o‘zi sababchi. Tabiatga nisbatan hurmatsizlik qilgan jamiyatga tabiat ham shunday javob qaytarmoqda. Ammo uni qutqarish uchun hali ham kech emas. Masalan, shaxsiy avtomobilda ketar ekanmiz, bo‘shagan suv baklajkalarini ko‘chaga tashlamaslik, suvni keraksiz paytda ochib qo‘ymaslik, yo‘laklarga tuflamaslik – ana shu kichik odatlarni qilmaslik katta o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qashqadaryo viloyat kengashi raisi, Xalq deputatlari viloyat Kengashiga 21-G‘ubdin saylov okrugidan saylangan deputat Nosir Halimov o‘z saylovchilari bilan uchrashganda Qarshi tumani Guliston mahallasidagi 26-maktabda aholi tomonidan chiqindilarning belgilanmagan joylarga tashlanayotgani haqida murojaat qilindi.

Murojaatlar asosida deputat Nosir Halimov, tuman partiya tashkiloti raisi, mahalla faollari hamda fuqarolar ishtirokida ekologik reyd tashkil etildi va jamoatchilik nazorati yo‘lga qo‘yildi. O‘rganish jarayonida yo‘l bo‘ylari, ariq va zovurlar ko‘zdan kechirildi. Shu paytda ayrim fuqarolarning yo‘l bo‘yiga maishiy chiqindilarni tashlamoqchi bo‘lgan holati aniqlandi. Ularga chiqindilarni belgilanmagan joyga tashlash jarimaga sabab bo‘lishi va atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazishi tushuntirildi. Fuqarolar qat’iy ogohlantirilib, chiqindilarni faqat belgilangan joylarga tashlash shartligi eslatib o‘tildi.
Nigora Rahmonova, O‘zA