Deputat mahalla va maktabning o‘quv yiliga tayyorgarlik holatini o‘rgandi
Mustaqillik bayrami hamda yangi o‘quv yili oldidan xalq deputatlari Chimboy tuman Kengashi deputati G.Bayjanova tomonidan saylov okrugi hududidagi ijtimoiy masalalar, aholi bilan ishlash holati hamda ta’lim muassasasining yangi o‘quv yiliga tayyorgarligi o‘rganildi.
Deputat dastlab “Obod makon” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “mahalla yettiligi” faoliyati bilan tanishdi. O‘rganish davomida mahallada aholi bilan ishlash, fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish, xonadonlarning ijtimoiy holatini o‘rganish, yordamga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga e’tibor qaratildi. Shuningdek, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga yo‘naltirish, muammoli oilalarga amaliy ko‘mak ko‘rsatish, yoshlar va xotin-qizlar bilan tizimli ishlash masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Deputat “mahalla yettiligi” a’zolari bilan muloqot jarayonida hududda mavjud muammolar va ularning yechimlari yuzasidan fikr almashdi. Fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, aholining qonuniy manfaatlarini ta’minlash va ijtimoiy masalalarni manzilli hal etish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar bildirildi. Shundan so‘ng deputat saylov okrugi hududidagi 37-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi faoliyati bilan tanishdi.
O‘rganish jarayonida ta’lim-tarbiya jarayonining tashkil etilishi, o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, pedagoglar faoliyati, maktabning moddiy-texnik bazasi hamda sinf xonalarining holati ko‘zdan kechirildi.Shu bilan birga, maktabning 2026–2027 o‘quv yiliga tayyorgarlik holati ham atroflicha o‘rganildi. Maktab binosi, sinf xonalari, sport zali, kutubxona, oshxona va boshqa o‘quv xonalarning yangi o‘quv yiliga tayyorligi ko‘zdan kechirildi.
Ta’lim muassasasida ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarining holati, o‘quv jihozlari bilan ta’minlanganlik darajasi, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi, o‘quvchilar uchun xavfsiz va qulay ta’lim muhitini yaratish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
O‘rganish yakunida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, mavjud muammolarni o‘z vaqtida hal qilish, ta’lim sifatini yanada oshirish hamda maktabni yangi o‘quv yilini munosib kutib olish uchun to‘liq tayyor holatga keltirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli taklif va tavsiyalar berildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri