Deputat koʻmagida muammolar hal boʻlmoqda
Ularning 10 nafari oliy toifali vrach. Muassasada mehnat qilayotgan shifokorlarning 35 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi.
“Sirkardioservis” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari, Sirdaryo tuman Kengashi deputati, yosh tadbirkor Joʻrabek Sanginov bilan oʻtgan onlayn-muloqot jonli savol-javoblarga boy boʻldi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati Oʻzbekiston Liberial demokratik partiyasi Sirdaryo viloyati kengashi Biznes tuzilmalari va fermerlar hamda yoshlar bilan ishlash boʻlimlari tomonidan tashkil etilgan navbatdagi onlayn-muloqotda partiyaning viloyat, tuman, shahar kengashlari faollari, tibbiyot vakillari, yoshlar va aholi vakillari ishtirok etdi.
Dastlab, Joʻrabek Sanginov oʻzi rahbarlik qilayotgan “Sirkardioservis” MCHJ va unga qarashli xususiy tibbiyot klinikasining faoliyati toʻgʻrisida ishtirokchilarga atroflicha maʼlumot berdi.
Sirdaryo tumanida faoliyatini 3 nafar tibbiyot xodimi bilan boshlagan mazkur tibbiyot maskani tez orada nafaqat tuman aholisi, balki Respublikamizning qator viloyatlari hamda qoʻshni Qozogʻiston Respublikasi aholisining ham ishonchini qozona oldi.
Vaqt oʻtgan sari xususiy tibbiyot muassasasini yana-da kengaytirish maqsadida amaliyotga eng soʻnggi rusumdagi tibbiyot jihozlarini tatbiq qilish barobarida 40 oʻrinli maskan yonidan yana bir muhtasham bino qad rostladi. Tibbiyot muassasasi koʻp tarmoqli klinikaga aylantirilib, xodimlar soni 40 nafarga yetkazildi. Ularning 10 nafari oliy toifali vrach. Muassasada mehnat qilayotgan shifokorlarning 35 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi.
Xususiy klinikada bemorlar malakali kardiolog, terapevt, endokrinolog, nevropatolog, xirurg kabi oʻndan ziyod oliy toifali vrachlar koʻrigidan oʻtishi mumkin. Shuningdek, klinika qoshida UZI va diagnostika markazining faoliyati ham yoʻlga qoʻyilgan. Klinikada Janubiy Koreya, Germaniya hamda Xitoy davlatlarida ishlab chiqarilgan yangi rusumdagi tibbiy jihozlar oʻrnatilgan.
Shu oʻrinda, klinika bosh vrachi, “1-darajali Sogʻlom avlod uchun” ordeni sohibi Maʼruf Sanginov, kardiolog Nodira Ermatova, terapevt Mahmud Yoʻldoshevlarning bemorlarga koʻrsatayotgan muolajalaridan dardiga davo topayotganlar alohida eʼtirof etib oʻtdi. Xususiy tibbiyot maskanida qisqa fursat davomida qariyb 1000 nafardan ortiq bemorni davoladi.
Onlayn-muloqot vaqtida ishtirokchilar nafaqat tibbiyot muassasasi, balki, Joʻrabek Sanginovning tuman Kengashi deputati sifatida ham olib borayotgan ishlari bilan qiziqdi. Joʻrabek tumandagi 20 nafar deputatning eng yoshi. Uning “Saxovat va koʻmak” dasturi doirasida amalga oshirgan xayr-saxovat ishlari ham ibratga loyiq.
Joʻrabek Sanginov deputat sifatida tumandagi saylovchilardan tushayotgan muammolarni baholi qudrat hal qilib kelayapti. Tuman hududidagi koʻp qavatli uylarning atrofini obodonlashtirish, uy atrofida bolalar oʻyin maydonchasi, zamonaviy hojatxona qurilishi, kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda uy-joysiz fuqarolar istiqomat qilayotgan 3 qavatli binoni taʼmirlash ishlari, aynan uning saʼyi harakatlari bilan amalga oshirildi.
– Ushbu xususiy tibbiyot muassasasida koʻpchilikning eʼtiborini tortgan yana bir jihat – bu kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, oilasida nogironligi bor va yakka-yolgʻiz qariyalar qatlami 50 foizli chegirma bilan muolaja olayotganidir, – deydi OʼzLiDeP Sirdaryo viloyati kengashi Yoshlar bilan ishlash boʻlimi mudiri Husanxon Jabborov. – Yana bir quvonarli tarafi, OʼzLiDeP tavsifnomasi bilan kelgan partiya faxriylari va faollariga ham xuddi ana shunday imtiyoz bor ekani va bundan bizni koʻnglimiz yana-da koʻtarildi.
Tadbir soʻngida, “Sirkardioservis” MCHJ rahbari, Sirdaryo tuman Kengashi deputati Joʻrabek Sanginov onlayn-muloqot ishtirokchilarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob berdi. Boyovut tumanidan onlayn-muloqotda ishtirok etgan partiya faollarining oʻz hududlarida klinikaning filialini ochish toʻgʻrisidagi bildirgan taklifiga yosh tadbirkor, karantin talablari biroz yumshashi bilan u yerda qurilish ishlarini boshlashga vaʼda berdi.
Dilorom ESONOVA,
OʼzLiDeP Sirdaryo viloyati
kengashi matbuot kotibi.