Deputat barchani birdamlikka chaqirdi
Xalq deputatlari Qarshi shahar kengashi deputati, “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasining Qashqadaryo viloyati hududiy koordinatori, yosh tadbirkor Jamshid Rahmonqulov xayrli tadbirni boshlab berdi.
Xalq deputatlari Qarshi shahar kengashi deputati, “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasining Qashqadaryo viloyati hududiy koordinatori, yosh tadbirkor Jamshid Rahmonqulov xayrli tadbirni boshlab berdi.
“#Himoyachallenge” deb nomlagan loyiha Qarshi shahridagi “Istiqlol” mahalla fuqarolar yigʻinidan boshlandi. Ayni paytda ushbu mahallada 5 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. 8 ta shirkat nazoratida 34 ta koʻp qavatli uy, 1 ming 300 dan ziyod xonadon mavjud.
“#Himoyachallenge” loyihasi tibbiyot niqoblari bilan taʼminlanmagan aholiga bepul niqoblar tarqatish hamda ularni ushbu vaziyatda birdamlikda epidemiyaga qarshi kurashishga chorlashga qaratilgan.
Loyiha davomida Jamshid Rahmonqulov tomonidan 500 ta meditsina niqoblari aholiga bepul tarqatildi. Aholiga kasallikni oldini olish boʻyicha tushuntirishlar hamda shirkatlarga dezinfeksiya amalga oshirish boʻyicha kerakli tavsiyalar berildi. Bundan tashqari, narx-navo oʻsishining oldini olish maqsadida mahalladagi tadbirkorlik subyektlari ish faoliyati koʻzdan kechirildi. Nogironligi boʻlgan xonadonlar holidan xabar olindi.
– Bugungi kunda biz deputatlar har doimgidan ham koʻproq aholi yonida boʻlishimiz va ularni qoʻllab-quvvatlashimiz shart, – deydi Jamshid Rahmonqulov. – Chunki bu sinovni muhtaram yurtboshimiz taʼkidlaganlaridek, faqatgina birlashib yenga olamiz. Shu hafta ichida Qarshi shahridagi yana uchta Paxtazor-1, Choʻlquvar va Shodlik mahallalarida ham shunday tadbirlar oʻtkaziladi. Barchani birdamlikka chorlaymiz.