Deputat aholini qiynayotgan muammolarni o‘rgandi
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi deputati Nazir Sobirov Olot tumanida amalga oshirilayotgan islohotlar va aholi turmush tarzi bilan tanishish maqsadida hududdagi ta’lim hamda sog‘liqni saqlash muassasalarida bo‘ldi.
Qator muammoli masalalar bilan o‘rtoqlashdi. Aholini taklif, e’tiroz va murojaatlari asosida hal etilishi lozim bo‘lgan masalalarni imkon qadar joyida ijobiy hal etdi. Respublika darajasida ko‘tarilishi lozim bo‘lgan masalalarni tegishli vazirliklar orqali hal etish choralarini ko‘rmoqda.
Dastlab deputat Nazir Sobirov ta’lim sohasini yanada yaxshilash va rivojlantirish borasida hududda olib borilayotgan islohotlarning bugungi holati yuzasidan tuman xalq ta’limi bo‘limida bo‘ldi. Muassasa xodimlari bilan o‘tkazilgan suhbat jarayonida bo‘lim faoliyati uchun alohida bino ajratilishida amaliy yordam so‘rab murojaat qilindi. Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha qo‘shimcha shtat birligi ajratilishi, maktablardagi xizmatchilarning oylik maoshlarini oshirish, darsliklar mazmun-mohiyatini qayta ko‘rib chiqish va kitoblar sifatiga e’tibor qaratish kabi dolzarb masalalarda murojaatlar bo‘ldi. Mazkur masalalarni tegishli vazirliklar orqali hal etilishida amaliy ko‘mak berishini ma’lum qildi.
Deputat tumandagi 8-maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyatini o‘rgandi. Oshxona, omborxona hamda kir yuvish xonalarining mavjud emasligi, shuningdek, dori-darmonlar ta’minoti bilan bog‘liq muammolarning ham yetarlicha ekanligi aniqlandi.
Ta’lim tashkiloti binosi 2 qismdan iborat bo‘lib, bir qismida tuman “Barkamol avlod” bolalar markazi faoliyat yuritmoqda. O‘quvchilar soni 960 nafarni tashkil etadi. Markazda bolalarning ehtiyojlari va qiziqishlariga muvofiq ularning ijodiy va badiiy qobiliyatlarini rivojlantirish, foydali dam olishni tashkil etish maqsad qilib qo‘yilgan.
Tumandagi 18 ming nafarga yaqin 18 yoshgacha bo‘lgan yoshlar bilan tenglashtirilsa, ushbu natija past ko‘rsatkichni tashkil etmoqda. Deputat tomonidan mazkur markazni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga qarashli kasb-hunar maktablariga qo‘shib olinishi orqali yaxshi natijaga erishish mumkinligi taklifi ilgari surildi.
Deputat N.Sobirov hamda bir guruh partiya faollari tumandagi 17- umumta’lim maktabi filiali, 14-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatlari faoliyati bilan ham tanishdi. Maktab-internati binosi o‘ta ta’mirtalab ahvolda bo‘lgani bois, joriy ta’mirlash rejasiga kiritilishida amaliy yordam so‘rab murojaat qilindi. Deputat mazkur masalani kerakli moliya tashkilotlari orqali bog‘lanib, ijobiy yechimida amaliy ko‘mak berishini ma’lum qildi.
31-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatida “Deputat va yoshlar” uchrashuvi ham tashkil etildi. Unda davlatimiz rahbarining Parlamentga va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida ustuvor etib belgilangan vazifalar, ayniqsa, yoshlar masalasiga qaratilgan e’tibor, ularning ta’lim olish va oliy ta’lim imkoniyatlari, tadbirkorlik va o‘z biznesini boshlash istagida bo‘lgan yoshlar uchun berilayotgan qulayliklar, imkoniyat va imtiyozlar xususida so‘z yuritildi.
Quyi palata deputati tumandagi 29-oilaviy poliklinikada ham bo‘ldi. U yerda aholi hamda Ibn Sino nomidagi tibbiyot instituti talabalari bilan uchrashdi. Soha rivoji yo‘lida olib borilayotgan islohotlar xususida yoshlarga batafsil ma’lumotlar berib o‘tdi. Shuningdek, poliklinika faoliyati ham ko‘zdan kechirildi. Aniqlangan bir qator kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Xalq noibi N.Sobirov hududga qarashli Xalfa mahalla fuqarolar yig‘inida aholi vakillari bilan uchrashdi. Og‘ir xastalik sabab yaqindagina o‘g‘li, kelini va bir qizidan ajragan Ro‘ziboy ota Umirovning yashash xonadonida bo‘ldi. Uning holidan xabar oldi. Ularni qiynayotgan muammolari bilan o‘rtoqlashdi. Patronaj hamshirasining o‘tgan 7 oy davomida oila holidan umuman xabar olmaganidan norozilik bildirildi. Toza ichimlik suvi, qishloq ichki yo‘llarini ta’mirlash bilan bog‘liq masalalarda ham amaliy yordam so‘rab murojaat bo‘ldi. Deputat mazkur masalalar yuzasidan tegishli mutasaddilar bilan bog‘landi. Masalani ijobiy hal etish choralarini ko‘rishini ma’lum qildi.
Zarif KOMILOV, O‘zA