Denovlik marafonchilar yo‘lga chiqdi
Denov tumanida umumta’lim maktablarining bir guruh jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilarining “Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki. Konstitutsiya o‘zimizniki” shiori ostida tashkil etgan aralash bosib o‘tish yugurish marafoniga start berildi.
Denov-Termiz yo‘nalishida yo‘lga chiqqan aralash bosib o‘tish marafoni ishtirokchilari 146 kilometr masofada harakatlanib, ertaga Termiz shahriga keladi. Belgilangan manzilgacha Denov, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on tumanlari markazlaridan yugurib, yirik aholi punktlaridan tashqaridagi yo‘llarni piyoda yurib, bosib o‘tadi.


Shu munosabat bilan Denov tumanida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mehnat va sport faxriylari, yoshlar ishtirok etdi.
Tantanali tadbirda Denov tumani hokimi I.Abrorov va boshqalar yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning yurtimiz taraqqiyoti va ko‘p millatli xalqimiz farovonligini ta’minlashdagi o‘rni haqida atroflicha so‘z yuritdi. Sog‘lom turmush tarzining sog‘lom hayot kechirishdagi ahamiyati to‘g‘risida fikr almashildi. Barchani Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha o‘tkaziladigan referendumda faol qatnashishga chaqirdi.


– Yangilanayotgan Konstitutsiyamiz loyihasida ta’lim sohasiga alohida e’tibor qaratilganidan suyunib, mazkur marafonni uyushtirdik, – deydi Denov tumani xalq ta’limi bo‘limi metodisti, sportchilar yo‘lboshchisi Faxriddin Xudoyberdiyev.– Biz Denov–Termiz yo‘nalishi bo‘yicha 146 kilometr masofani 28 soatda to‘xtavsiz bosib o‘tib, mamlakat rekordini o‘rnatishni maqsad qilganmiz. Yo‘l-yo‘lakay shuningdek, sog‘lom turmush tarzini keng tadbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirishni ham targ‘ib qilamiz.


Ayni paytda marafon qatnashchilari Sho‘rchi tumani hududida Surxondaryo viloyati markazi tarafga to‘xtovsiz harakatlanmoqda. Marafon ishtirokchilari ertaga Termiz shahrida tantanali kutib olinadi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA