Demograflarning yozgi oromgohi o‘tkazilmoqda
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida “O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish uchun demografik ma’lumotlardan foydalanish” mavzusida demograflar va davlat muassasalari mutaxassislari uchun yozgi maktab o‘tkazilmoqda.
Tadbir BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Bundan maqsad demografiyaga oid ma’lumotlardan mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yo‘lida samarali foydalanish ko‘nikmalarini takomillashtirishdan iborat.
Ma’lumki, demografiya aholining o‘sishi bilan bog‘liq ko‘rsatkichlarga oid qonuniyatlarni ijtimoiy-tarixiy sharoitlarga bog‘lagan holda o‘rganadigan fan sanaladi. Demografik ma’lumotlardan oqilona foydalanish mamlakatning ijtimoiy hayotiga oid istiqboldagi rejalarni oqilona belgilashda, yurt taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi.

BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikdagi ushbu dastur demografik o‘zgarishlar hamda ularning ijtimoiy va iqtisodiy hayotning turli jihatlariga ta’siri bilan bog‘liq bo‘lgan keng ko‘lamli masalalarni qamrab olgan.
Yozgi oromgohda muhim demografik tendensiyalar, aholi prognozlari hamda demografik ma’lumotlardan milliy va hududiy rivojlantirish rejalarida foydalanishni muhokama qiluvchi ekspertlar, vazirlik va idoralarning vakillari, shuningdek ilmiy xodimlar jamlangani e’tiborga molikdir.
An’anaga ko‘ra, yozgi maktablar “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti huzurida UNFPA ko‘magida yaratilgan demografik laboratoriya doirasida tashkil etilmoqda.
BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi doimiy vakili Nigina Abaszadening qayd etishicha, hisob bo‘yicha to‘rtinchi yozgi maktab O‘zbekistondagi vazirlik va idoralarning xodimlarini demografik ma’lumotlardan foydalanishga o‘qitish hamda mamlakatda faoliyat yuritib kelayotgan demograf-olimlarning salohiyatini oshirish uchun muhim maydon hisoblanadi.
Shu o‘rinda, “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot institutining direktori Nodira Egamberdiyeva mazkur tadbirning mutaxassislar malakasini oshirish hamda turli tashkilot va idoralar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yaxshilash borasidagi ahamiyatini ta’kidladi.
Yozgi maktab davomida ishtirokchilar guruhlarga ajratilib, demografiya ma’lumotlariga oid amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazadi. Shuningdek, demografik jarayonlarning mamlakat iqtisodiy rivojlanishi, mehnat bozori va ijtimoiy muhofaza tizimiga ta’sirini muhokama qiladi.
Qolaversa, dasturda guruh faoliyatining natijalari bo‘yicha taqdimot o‘tkazish hamda strategik rejalashtirish uchun demografiyaga oid ma’lumotlardan foydalanish bo‘yicha kelgusi qadamlarni muhokama qilish nazarda tutilgan.
N.Usmonova,
O‘zA muxbiri