“Dekret” ta’tilidan erta ishga qaytish mumkinmi? Qonun nima deydi?
Farzand kutish — ayol hayotining eng quvonchli davrlaridan biri. Ammo ba’zan hayot kutilmagan sinovlarni ham ro‘para qiladi.
Homiladorlikning kechki bosqichida farzandidan judo bo‘lgan ayol uchun bu nafaqat og‘ir ruhiy yo‘qotish, balki kundalik hayotga qaytish masalasini ham yuzaga keltirishi mumkin.
Shunday vaziyatda ishga chiqishni istagan xodimaga ish beruvchi ruxsat bersa, u dekret ta’tili tugamasidan ish boshlashi mumkinmi?
Mazkur savol yuzasidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bosh mutaxassisi Nosir Boymirzayev quyidagilarni ma’lum qildi.
Mazkur holatda xodimaning xohishi va ish beruvchining roziligigina emas, balki mehnat qonunchiligida belgilangan ta’til muddati ham muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 404-moddasiga muvofiq, homiladorlik va tug‘ish ta’tili, odatda, tug‘ruqqacha 70 kalendar kun va tug‘ruqdan keyin 56 kalendar kun, jami 126 kalendar kun qilib belgilanadi. Qonunda homiladorlikning 30-haftasigacha tug‘ruq sodir bo‘lib, bola tirik tug‘ilmagan holat uchun alohida tartib ham nazarda tutilgan: bunday vaziyatda 70 kalendar kunlik ta’til beriladi. Dekret puli esa ayollar homiladorlik va tug‘ruq ta’tili vaqtida oladigan nafaqa puli bo‘lib, u mehnatga layoqatsizlik davrida ayolning moddiy ta’minotini kafolatlash uchun belgilanadi.
Eng muhimi, ishga qaytish sanasini belgilashda mehnatga layoqatsizlik varaqasida ko‘rsatilgan muddatga amal qilish lozim. Ta’til davri tugamasidan ish boshlash nafaqa hisob-kitobi va ish vaqti tabelini yuritishda huquqiy hamda tashkiliy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu bois, bunday vaziyatda xodimaning ishga qaytish istagini inobatga olish bilan birga, amaldagi qonunchilik talablariga rioya etish ham zarur.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi,
O‘zA