Dekret puli: qaysi hollarda 75 foiz to‘lanadi?
O‘zbekiston qonunchiligida homiladorlik va tug‘ish ta’tili (dekret ta’tili) vaqtida ayollarga moddiy ta’minot sifatida nafaqa to‘lanishi belgilangan. Bu nafaqa ayolning mehnatga layoqatsizlik davridagi daromadini kafolatlaydi.
Mehnat kodeksining 404-moddasiga ko‘ra, Ayollarga tug‘uruqqa qadar 70 kalendar kun, tug‘uruqdan keyin 56 kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq farzand tug‘ilganda — 70 kalendar kun) ta’til beriladi.
Ushbu davr uchun o‘rtacha oylik ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda, ya’ni 75 foizdan kam bo‘lmagan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lanadi.
75 foiz va 100 foiz to‘lov tartibi quyidagicha:
Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 31 maydagi 314-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 35-bandiga asosan agar xodim ishga qabul qilingan kundan boshlab 12 oygacha ish stajiga ega bo‘lsa — nafaqa o‘rtacha oylik ish haqining 75 foiz miqdorida to‘lanadi.
Agar xodim ishga qabul qilingan kundan boshlab 12 oydan ortiq ish stajiga ega bo‘lsa — nafaqa o‘rtacha oylik ish haqining 100 foiz miqdorida to‘lanadi.
E’tibor berish kerakki, bu yerda umumiy mehnat staji emas, balki ayni ishga qabul qilingan kundan keyingi staj hisobga olinadi.
Misol uchun, ayol 2025 yil yanvar oyida ishga kirdi. 6 oydan so‘ng dekretga chiqdi. U holda nafaqa 75 foiz miqdorda to‘lanadi. Shu ayol birinchi farzandi uchun dekret ta’tilidan so‘ng bola parvarishi ta’tilida bo‘lib, keyin yana ikkinchi farzandi uchun dekretga chiqsa, ishga kirganiga 12 oydan ortiq bo‘lgani uchun nafaqa 100 foiz to‘lanadi.
Bir so‘z bilan aytganda, agar xodim birinchi farzandi uchun dekretga chiqishidan oldin ishga kirganiga 12 oydan kam vaqt o‘tgan bo‘lsa, nafaqa 75 foiz to‘lanadi. Agar ishga kirganiga 12 oydan ko‘p vaqt o‘tgan bo‘lsa, nafaqa 100 foiz miqdorda to‘lanadi.
Shu tariqa, “dekretdan dekretga o‘tish” holatida ham to‘lov miqdori ishga kirgan kundan keyingi stajga qarab belgilanadi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA