“Deklaratsiyalar muloqoti” seminar shaklida davom etmoqda
Poytaxtimizda bugun boshlangan “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi dasturiga ko‘ra, ikki kun davomida turli masalalarga bag‘ishlangan seminarlar bo‘lib o‘tadi.
Ayni payt “Madaniyatlararo diniy savodxonlik va global xavfsizlik”, “Din va qonun ustuvorligi”, “Konfessiyalararo munosabatlarni rivojlantirish” mavzulari davra suhbati tarzida muhokama etilyapti.
I seminarda AQSH Global hamkorlik instituti prezidenti Kris Saypl “Madaniyatlararo diniy ta’lim ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashning asosiy omili sifatida” nomli taqdimotini namoyish qildi.
— Konfessiyalararo bag‘rikenglikning g‘oyaviy asosi plyuralizm va xilma-xillikning qadri, ahamiyatini e’tirof etishdan iborat, — dedi, jumladan, janob Saypl o‘z chiqishida.
AQSH jahon instituti ilmiy xodimi Noks Temz seminar chog‘ida ”Diniy ozchilik va ko‘pchilikning madaniyatlararo diniy savodxonligi dinamikasi” mavzusida ma’ruza o‘qidi.
II va III seminarlarda Renata Uits, Imom Muhammad Majid, Pastor Bob Roberts singari taniqli xorijiy ekspertlar turli mavzular doirasida ishtirokchilar bilan o‘z fikr-mulohazalarini o‘rtoqlashdi.
U.MAHMIRZAEV, O‘zA