Dekarbonizatsiya loyihasi yiliga 83 ming tonnadan ortiq karbonat angidrid zararini sezilarli darajada kamaytiradi
Yaqinda Sanoat energetika guruhi neft va gaz qazib olish infratuzilmasi ob’ektlarini texnik modernizatsiya qilish bosqichini yakunladi.
Mazkur dekarbonizatsiya loyihasi Shveysariyaning “VEMA S.A.“ va Norvegiyaning “ICA-Finance AS“ kompaniyalari bilan yaqin hamkorlikda amalga oshirildi. Loyiha ahamiyati shundaki, ishlab chiqarish jarayonida chiqindilarni atrof-muhitga zarari sezilarli darajada kamayishiga olib keladi.
– Bizning neft-gaz kompleksini dekarbonizatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma loyihamiz bu, nafaqat texnologik taraqqiyot, balki sohani yuqori ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini atrof-muhitga g‘amxo‘rlik bilan qanday qilib samarali birlashtirishi mumkinligiga yorqin misoldir, – dedi Sanoat energetika guruhi bosh direktori To‘lqin Yusupov. – Ta’kidlash joizki, bizning barqarorlikka sodiqligimiz Jahon tendensiyalarini aks ettiradi. Bu, O‘zbekiston Respublikasining Dubaydagi COP-28 Metan bo‘yicha global majburiyatiga qo‘shilishi bilan tasdiqlanadi. O‘zbekiston 2030 yilga kelib metan chiqindilarini 30 foizga kamaytirish niyatini bildirdi va bu iqlim o‘zgarishiga qarshi birgalikda harakat qilish muhimligini ta’kidlaydi. Biz ushbu umumiy harakatning bir qismi bo‘lganimizdan xursandmiz va sayyoramizni kelajak avlodlar uchun saqlab qolishga hissa qo‘shib, sanoatimizda innovatsion yechimlarni amalga oshirishni davom ettirishga tayyormiz.
Dekarbonizatsiya loyihasi yiliga 83 ming tonnadan ortiq karbonat angidrid zararini sezilarli va qaytmaydigan darajada kamayishiga olib keladi. Natijada 20 mingga yaqin avtomobillardan chiqayotgan zarar bartaraf qilinadi. Bundan tashqari, ushbu tashkilot loyihasi chiqindilarni monitoring qilish samaradorligini oshirish va ularning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish imkonini beradi.
Loyiha ishlab chiqarish bosqichida chiqindilarni kamaytirishdan kelgusida olinadigan foydadan amalga oshirish va ishtirokchilarning o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirildi. U Yevropa yoqilg‘i sifati bo‘yicha direktivasi doirasida toza rivojlanish mexanizmi metodologiyasi asosida ishlab chiqilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Sanoat energetika guruhi mamlakatimizdagi eng yirik neft va gaz ishlab chiqarish tashkilotlaridan biridir. Yurtimizda neft qazib olishning 80 foizi va gaz qazib olishning 5 foizi aynan ushbu kompaniya ulushiga to‘g‘ri keladi. Shveysariyaning “VEMA S.A.“ kompaniyasi issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va muqobil energiya texnologiyalarini joriy qilishga qaratilgan loyihalarni ishlab chiqishda 25 yildan ortiq tajribaga ega. Norvegiyaning “ICA-Finance AS“ esa 15 yildan buyon uglerod birliklarini hayot aylanishi bo‘yicha MCHR i UERs loyihalarini milliy va nodavlat neft va gaz kompaniyalari bilan hamkorlikda faoliyat yurituvchi kompaniyadir.
– Bu loyiha o‘zaro hamkorligimiz natijasidir, – dedi “ICA-Finance AS“ kompaniyasi bosh direktori Arne Peder Bliks. – Biz O‘zbekistonda yanada ko‘proq loyihalarni amalga oshirish niyatidamiz. Bu esa aynan ushbu soha rivojida muhimdir.
“VEMA S.A.“ kompaniyasi direktori Mixail Partikevichning ta’kidlashicha, ushbu korxona chorak asr davomida energiya samaradorligi, issiqxona gazlari va metan chiqindilarini kamaytirish sohasida faoliyat yuritadi.
– Ushbu loyihada qatnashganimizdan, metan oqishini bartaraf qilish bo‘yicha ko‘p yillik tajribamizni joriy qilganimizdan faxrlanamiz. Biz o‘z tajribamiz bilan keyingi loyihalarda ham bo‘lishib, O‘zbekiston ekologiya standartlarini yanada rivojlantirishni rejalashtirganmiz, – deya ta’kidladi janob Mixail Partikevich.
Ta’kidlash kerakki, dekarbonizatsiya loyihasi doirasida tomonlar metan oqishini aniqlash va bartaraf qilish maqsadida Sanoat energetika guruhining kadastrini to‘liq tahlil qildi. Natijada har yili 3,6 million metr kubdan ortiq tiklanadigan metan (CH4) olinish boshlandi. Hozirgi kunda kompaniyalar yiliga 100 million metr kub metanni qisqartirish bo‘yicha yana to‘rtta loyiha ustida ishlamoqda.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA