Dehqonning qo‘li pul ushlaydigan damlar keldi
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida aholi tomorqachilari 30 mingga yaqin bo‘lib, 6 ming 500 gektarga yaqin tomorqa yer egalari yerdan unumli foydalanib kelmoqda. Hududda bevosita issiqxona xo‘jaligini barpo etib, unda yilning to‘rt faslida ham barakali hosil yetishtirayotgan xo‘jaliklar ekin yeri 60 gektarga yaqin maydonni tashkil etadi.
Jumladan, “Do‘rman” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Mahmud Behbutov ham ko‘p yillik dehqon tomorqachi sifatida xonadonida issiqxona tashkil qilib, sabzavot mahsulotlari bilan birga karam yetishtirishni kanda qilmaydi. Qish oylarida karamning “oqbosh” navini ekib yetishtirgan xo‘jalik sohibi shu kunlarda yetilgan hosilni xaridorlarga yetkazishni boshlab yuborgan.

– Yerga qadalgan urug‘ning unuvchanligi 90 foizgacha, ya’ni mahalliy iqlim sharoitiga moslashgan. Urug‘i qancha yirik bo‘lsa, shuncha erta va bexato unib chiqadi. Tuproq tarkibi yetarli darajada nam, harorat qulay bo‘lsa, me’yoriy chuqurlikda ekilgan karam urug‘lari 3-4 kunda unib chiqadi. Urug‘ bo‘rtishi uchun nisbatan kamroq suv va +6 °S daraja harorat taqozo qilinadi, – deydi mirishkor Mahmud Behbutov.
Dehqon hozirda uy xo‘jaligidagi 2 sotixli issiqxonasida yetishtirilayotgan karam hosilidan 20 million so‘mga yaqin daromad olish harakatida. Muhimi, bu tirishqoqlik tufayli, avvalo, oila dasturxoni to‘kinligi ta’minlanmoqda.
Ayni kunda do‘rmonliklar orasida shunday mirishkor va dala-dehqonchilik ishlarida yetarli tajribaga ega xo‘jaliklar safi kengaymoqda. Mahalla va mas’ul tashkilotlar ko‘magida esa aholi dasturxoniga munosib hissa qo‘shayotgan mehnatkash oilalarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri