Dehqonning ko‘zi quvnaydigan palla keldi (+video)
Oxirgi yillar oziq-ovqat xavfsizligini va ichki bozorlarda narxlar barqarorligini ta’minlashda agrar sohada aholining tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu orqali olis manzillarda ham o‘zini o‘zi band qilayotganlarning daromadlari oshirilib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish kengaymoqda.
Ayniqsa, “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili aholi turmush sharoitini yaxshilash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Ilgari o‘z tomorqasi bo‘lsa ham bozorma-bozor sabzavot xarid qilganlar, endilikda yetishtirilgan mahsulotlar mahallalarning ichki ehtiyojlarini ta’minlayapti.
Prezidentimizning 2021 yil 15 dekabrdagi “Meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, tarmoqda klasterlar va kooperatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga asosan bu yil O‘rta Chirchiq tumanida jami 3 ming 102 gektar yer maydonda sabzavot ekinlari yetishtirilmoqda. Shundan, 569 gektar piyoz, 1 ming 4 gektar kartoshka, 72 gektar pomidor hosilidir.
[gallery-24317]
Bundan tashqari, 115,4 gektar joyda issiqxona mavjud. Bu hududda yillik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2 trillion 602 milliard so‘mni tashkil etadi. Toshkent dengizi bo‘yida joylashgan “O‘rtabo‘z” mahalla fuqarolar yig‘inining asosiy drayveri ham qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishdir.
Bu yerdagi 230 ta xonadon egalari o‘z yerlari va tomorqasida pomidor, bodring, bulg‘ori qalampiri, piyoz, baqlajon kabi sabzavotlar parvarishlashga alohida e’tibor qaratgan. Ularning bog‘lari, tashkil qilgan issiqxonalarida pishib yetilgan meva-sabzavotlarning bozori chaqqon.
Ulardan biri tomorqachi dehqon Muhiddin Xudoyberdiyev o‘ziga tegishli 20 sotix yeriga erta bahorda 8 ming tup pushti pomidor ko‘chatini ekkan edi. Oxirgi 3 haftadan buyon har terimda 1-1,5 tonna hosil yig‘ib, ichki va poytaxt bozorlariga ulgurji narxlarda topshirmoqda.
– Shu kunlarda dalalarimizda sabzavotlar pishib yetilgan, – deydi M.Xudoyberdiyev. – Biz ham yozning jaziramasidan ko‘chatlarni saqlash uchun soya qiluvchi maxsus to‘rlardan foydalanyapmiz. Yetishtirgan hosilni o‘rtacha bozor narxida 5 ming so‘mdan sotamiz. Biroq, mehnati o‘ziga yarasha qiyin. Shunaqa bo‘lsa ham qator oralab yurganimda qizarib pishgan pomidorni ko‘rib zavqlanaman. Shu ish ortidan farzandlarim, kelinim, nevaralarim o‘zini o‘zi band qilgan. Daromadimiz ham shunga yarasha yaxshi.
Yurtimizda hozir avji pishiqchilik payti. Dalalar quyosh tobida yetilgan sabzavotlarga to‘la va peshma-pesh bozorga chiqarilmoqda. Mahsulot narxlari ham ancha arzonlashgan, bu esa qanchadan-qancha xonadonlarga rizq bo‘lib kirib boradi. Aynan shu sa’y-harakatlarda tomorqa egalari, dalalardagi dehqonlarning o‘rni kattadir.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/qOq6yBSLD8Y?si=HQ7Nu07fNBswRTB9" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Musayev, A.Alijonov(surat +video),O‘zA