Dehqonlar uchun yangi uskunalar
“Yurtimiz noz-ne’matlarining dong‘i yetti iqlimga ketgan. Ekologik toza, yuqori quvvatli, xushta’m bu mahsulotlar butun dunyoda nihoyatda qadrlanadi.
“Yurtimiz noz-ne’matlarining dong‘i yetti iqlimga ketgan. Ekologik toza, yuqori quvvatli, xushta’m bu mahsulotlar butun dunyoda nihoyatda qadrlanadi. Joriy yilda Berlin shahrida o‘tkazilgan “Fruit Logistica” xalqaro yarmarkasida o‘z mahsulotlarimiz bilan ishtirok etib, bunga yana bir bor guvoh bo‘ldik. Vakuumli idishlarda qadoqlangan, qariyb ikki yilga qadar sifatini yo‘qotmaydigan quritilgan meva-sabzavot mahsulotlarimiz xorijliklarga manzur bo‘ldi. Xususan, isroillik ishbilarmonlar bilan quritilgan mahsulotlar yetkazib berish borasida ikki million dollarlik shartnoma imzoladik”.Bu Buxoro shahridagi “Livadiya-Buxoro” korxonasi bosh direktori Ilhom Sayfiyevning fikrlaridan.
Prezidentimiz rahnamoligida dehqon va fermer xo‘jaliklari, agrofirmalar va xususiy tadbirkorlik subyektlarini minitexnologiyalar bilan ta’minlash, shu orqali qayta ishlash sanoatini rivojlantirish borasida keng imtiyoz va imkoniyatlar yaratilgan. Bu yo‘nalishdagi innovatsion g‘oya va ishlanmalar har jihatdan rag‘batlantirilmoqda. Natijada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan nafaqat ichki bozorni to‘ldirish, balki ularni eksport qilish hajmi ham ortmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 23-avgustda qabul qilingan «2012-2015-yillarda qishloq xo‘jaligi xomashyosini qayta ishlashni chuqurlashtirish, oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish va ularning turlarini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ana shu maqsadga xizmat qiladi.
“Livadiya-Buxoro” xususiy korxonasida mevani quritadigan yangi uskuna yaratilib, tayyorlangan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorga yetkazib berish boshlanganiga ham bir necha yil bo‘ldi. Bu uskuna meva-sabzavotlar, dorivor o‘simliklar, go‘sht va makaron mahsulotlarini quritishga mo‘ljallangan. Bu uskunalarda quritilayotgan mahsulotlar tarkibidagi vitamin va mikroelementlar 90 foizgacha saqlanib qoladi. Ularning tabiiy rangi, ta’mi va xushbo‘yligi yo‘qolmaydi.
– Meva, sabzavot yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi fermerlar va agrofirmalarning yaqin sherigiga aylandik, – deydi I.Sayfiyev. – Seximizda ishlab chiqarilayotgan meva va sabzavot quritgichlar ixcham va tejamkorligi bilan dehqonlarga ma’qul tushmoqda. Energiya tejamkor bunday qurilmalarda ishlangan mahsulotlar o‘zining tabiiy xususiyatlarini saqlab qoladi. Ular iqtisodiy jihatdan ham foydali. U bir soatda atigi 3,6 kilovatt elektr energiya sarflaydi. Boshqacha aytganda, aksariyat turdosh uskunalarga nisbatan elektr energiyani besh-olti baravar kam talab qiladi. Biz dehqon xo‘jaliklari, shaxsiy tomorqa egalari uchun yiliga 200 tagacha quritish uskunasini tayyorlash imkoniga egamiz.
Ta’kidlash joizki, arzon va kam energiya sarflanadigan bunday qurilmaning nafaqat tadbirkorlar, balki oilalar uchun mo‘ljallanganlari ham bor. Sig‘imi 25 kilogramm, soatiga 1 kilovatt energiya talab etadigan uskunani uy sharoitida ham ishlatish mumkin. Korxonalar va tadbirkorlar uchun esa sig‘imi 100 kilogramm bo‘lgan moslama qo‘l keladi.
Yana bir qulayligi, mahsulotning turiga qarab qurilmaning hajmi va ishlash muddatini o‘zgartirish mumkin. Masalan, o‘rikning shirasi ko‘pligi bois undan sifatli turshak tayyorlash uchun 18-24 soat talab etilsa, sabziga 8-10 soat, dorivor o‘simliklar va ko‘katlarga atigi bir soat kifoya.
Yurtimiz mayizlarining dong‘i yetti iqlimga ketgan. Ekologik toza, yuqori kaloriyali va g‘oyat mazali bu mahsulot butun dunyoda qadrlanadi. Mayizni tayyorlash jarayoni uzoq davom etadi. Quyoshli kunlarda buning uchun 15-20 kun, ob-havo noqulay kelganda esa bir oygacha vaqt sarflanadi. Buxorolik mutaxassislar taqdim etayotgan uskunada yuqori sifatli, eksportbop mayiz tayyorlash uchun 24 soat kifoya qiladi. Bu nafaqat vaqtdan yutish, balki oilaviy tadbirkorlar mehnatini yengillashtirish imkonini ham beradi.
– Uskunalarimizni to‘lov muddatini uzaytirgan holda sotishni yo‘lga qo‘ydik, – deydi korxona rahbari. – Bu nafaqat fermerlar, balki agrofirmalar, qishloq aholisi uchun ham qulaydir. Ayni paytda yigirma besh kishi mehnat qilayotgan korxonamizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini quritib, qadoqlash ham yo‘lga qo‘yilgan. Bunday mahsulotlarga tashqi bozorda ham qiziqish ortmoqda. So‘nggi oylarda 150 ming dollarlik quritilgan mahsulotni eksport qildik. Yil oxiriga qadar eksport hajmini 500 ming dollarga yetkazishni rejalashtirganmiz.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni kengaytirish iste’mol bozorini sifatli oziq-ovqat tovarlari bilan to‘ldirishda muhim o‘rin tutadi. 25 xodim mehnat qilayotgan korxonada nafaqat innovatsion loyihalarni amalga oshirish, balki qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash borasida ham katta tajriba to‘plangan. Bu yerda topinamur kukuni, olma chipsi, kompot uchun aralashmalar, borsh uchun yarim tayyor aralashmalar, quruq mevalar to‘plami kabi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. 200, 300 grammli vakuumli idishlarda qadoqlangan “Sharq ertagi”, “1001 kecha”, “Izyuminka” kabi yigirma turdagi tabiiy toza mahsulotlar “Hasan bobo mahsulotlari” yorlig‘i bilan viloyat bozorlari va mehmonxonalarga yetkazib berilmoqda.
Korxonada o‘tgan yili yangi loyiha – quritilgan mevani chips shaklida qadoqlash yo‘lga qo‘yildi. Mahsulot sifatini oshirish maqsadida bankdan olingan 100 million so‘m evaziga Germaniyadan olmani tozalab, so‘ngra maydalaydigan uskuna olib kelindi. Hozir 40 grammlik chipslarning bozori chaqqon. Joriy yilning yoz-kuz mavsumida korxona o‘rik, uzum, tut, shaftoli, olxo‘ri, na’matak, qo‘ziqorin, sabzi, lavlagi kabi meva-sabzavotlardan ikki ming tonna qabul qilishga hozirlik ko‘rmoqda.
"Livadiya-Buxoro" korxonasi yurtimizda o‘tkazilayotgan ko‘rgazmalarda, xususan, Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsion birja, minitexnologiyalar va ixcham asbob-uskunalarning “Uzbekistan Agrominitech Expo” ko‘rgazma-savdosida har yili faol ishtirok etib, quritish uskunasi hamda tayyorlangan mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha ko‘plab kelishuvlarga erishmoqda. Korxona joriy yilda "Tashabbus – 2015" ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida g‘olib bo‘lib, mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.
O‘zini yerning haqiqiy egasi sifatida his qilib, mehnati samarasidan bahramand bo‘layotgan dehqonlarimiz endilikda yetishtirgan mahsulotlarini yuqori texnologik uskunalar yordamida qayta ishlab, jahon bozorida ehtiyoj ortib borayotgan tayyor mahsulot sifatida sotmoqda. Bu mamlakatimizda qayta ishlash korxonalari tarmog‘ining rivojlanishi, qishloq xo‘jaligi sohasining eksport salohiyati o‘sishi va minglab yangi ish o‘rinlari ochilishiga xizmat qilayotir.