Defoliatsiya – muhim tadbir
Qoraqalpog‘iston Respublikasida g‘o‘za parvarishida muhim agrotexnik tadbir – defoliatsiya ishlariga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida g‘o‘za parvarishida muhim agrotexnik tadbir – defoliatsiya ishlariga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.Joriy yilda 94 ming 700 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlayotgan 2 ming 632 fermer xo‘jaligi dalalarida hosil pishib yetilmoqda. Omilkor dehqonlar 76 ming gektardagi g‘o‘zaning bargini sun’iy to‘ktirish va bu ishlarni 86 otryadga biriktirilgan OVX texnikalari yordamida amalga oshirishni rejalashtirgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan Beruniy tumanidagi “Sulton Ramonov” fermer xo‘jaligi dalalarida o‘tkazilgan ko‘rgazmali seminar ana shu muhim masalaga bag‘ishlandi.
Seminarda To‘rtko‘l, Ellikqal’a va Beruniy tumanlari hokimlari, qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limlari boshliqlari, kimyo, neft mahsulotlari ta’minoti va boshqa xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, g‘o‘za bargini sun’iy to‘ktirish hosilning 10-15 kun oldin pishib yetilishi va hosildorlikning sezilarli darajada ortishiga xizmat qiladi. Yig‘ishtirib olinadigan hosilning sifati ham ko‘p jihatdan mana shu tadbirni o‘z vaqtida o‘tkazishga bog‘liq.
Tadbir doirasida ishtirokchilar texnikalarning defoliatsiya ishlariga tayyorgarligini ko‘zdan kechirdi. G‘o‘za bargini sun’iy to‘ktirishda qo‘llaniladigan preparatlarning xususiyatlari, foydalaniladigan asbob-anjomlar, texnikalar va ularning xavfsizligini ta’minlash yuzasidan tavsiyalar berildi.
– Bu yil 10 ming gektar maydondagi g‘o‘zaning bargini sun’iy to‘ktirishni rejalashtirganmiz, – deydi Beruniy tumani qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Baxtiyor Abdullayev. – Bu ishlarda mavjud texnika va ish kuchidan unumli foydalanish uchun barcha chora-tadbir ko‘rilmoqda.
Ko‘rgazmali seminarda fermer xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatuvchi shoxobchalarning faoliyatini jonlantirish, mavsum davomida texnikalarni ehtiyot qismlari hamda yonilg‘i-moylash materiallari bilan uzluksiz ta’minlash vazifalari belgilab olindi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi M.Erniyazov so‘zga chiqdi.