Davrdan ikki qadam oldinda
Yozuvchilarning ichida Mirzapoʻlat Toshpoʻlatov kabi kamtar, xokisor insonni kam uchratganman.
Yozuvchilarning ichida Mirzapoʻlat Toshpoʻlatov kabi kamtar, xokisor insonni kam uchratganman. Koʻpincha biror asarni yozib qoʻyib jimgina bir chetda yuruvchi ijodkorlar sirasiga kiradi. Milliy qadriyatlarimiz yoʻqolib borayotgan davrlarda milliy kurashimiz haqida “Sodiq polvon“ hikoyasini yozganida hali bu mavzuda biror asar yaratilmagan edi.
Shu oʻrinda aytish joizki, Mirzapoʻlat akaning Sodiq polvon haqidagi hikoyasi koʻpchilikning birdan eʼtiborini tortgan, hatto atoqli adiblar Odil Yoqubov, Asqad Muxtor hamda Pirimqul Qodirovlar tomonidan yuqori baholangan edi. Shundan keyin yozuvchining oʻndan ziyod kitobi dunyo yuzini koʻrdi. “Oyni axtarayotgan bola“,“ Sanam togʻidagi gulxan“ nomli qissalari orqali juda koʻp muxlislar orttirdi. “Zanjir“ seriali esa teletomoshabinlarning eng sevimli filmiga aylanganini aytmasa ham boʻladi.
Ammo men hozir boshqa narsa xususida soʻzlamoqchiman. Bundan bir yil oldin yozuvchining shahrimizda tozalikni saqlash uchun kurashayotgan obodonchilik sohasidagi insonlar haqida “Tonggi farishta“ nomli kitobi chop qilingan edi. U bu asarida har qanday epidemiyaning oldini olish ozodalikka bogʻliq ekanligini aytgan, kitobxonni atrof muhitning sanitariya-gigigena holatiga eʼtibor berishga chaqirgan edi. Tong sahardan shaharlarni har xil chiqindilardan tozalab chinniday ozoda qilib qoʻygan ishchi-xodimlarni farishtaga oʻxshatgan edi yozuvchi.
Bugungi kunda butun dunyo pandemiyadan azob chekayotgan bir paytda bu ijod namunasining “Insoniyatni ogohlikka chaqirgan asar“ sifatidagi qadr-qimmati yana-da ortadi. Bu kitob alohida eʼtirof etilib, yozuvchining mehnati munosib baholanib taqdirlansa, adolatli ish boʻlurdi...
Yozuvchidan zamon bilan hamnafas boʻlish talab etiladi koʻpincha. Ammo asl yozuvchilar oʻzi yashab turgan davrdan ikki-uch qadam oldinda yuradi, boʻlajak voqelikni tafakkur elagidan oʻtkazib, oldindan oʻz asarlari orqali bashorat qilib beradi. Mirzapoʻlat Toshpoʻlatov ana shunday adiblar toifasiga kiradi.
Oʻylaymanki, yer yuzida kezib yurgan baloyi azim taslim etilgandan soʻng “Tonggi farishta“ nomli asarning ijtimoiy qimmati yana-da ortadi!
Amir XUDOYBERDI,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir.
PS: oʻzbek adibi Mirzapoʻlat Toshpoʻlatovning asarlari boshqa tillarga ham oʻgirilib, chet ellik adabiyot ixlosmandlariga tuhfa etilayotganidan faxrlansak arziydi. Xususan, yaqinda Turkiyaning nufuzli nashrlaridan biri –“Kardeş Kalemler” jurnalida yozuvchining “Oʻtinchi bola” hikoyasi chop etilibdi.