Davr oʻz qahramonlarini tan oldiradi
Maʼlumki, bugungi tahlikali kunlarda bolalarimiz, ota-onalarimiz, xullas hammamiz uyda oʻtirgan bir pallada masofaviy darslar boʻlmoqda.
Maʼlumki, bugungi tahlikali kunlarda bolalarimiz, ota-onalarimiz, xullas hammamiz uyda oʻtirgan bir pallada masofaviy darslar boʻlmoqda. Ota onalarimiz bir vaqtning oʻzida oʻz farzandlariga ustoz rolini ham bajarmoqda. Endi oʻzingizning bitta yoki ikkita bolangiz bilan shugʻullanib koʻrayapsiz. Buning nimaligini his qilayotgan boʻlsangiz kerak. Mening ikkita bir sinfda oʻqiydigan nevaralarim ham men bilan birga. Bular bilan dars masofaviy tarzda oʻtilmoqda.
Ular bilan birgalikda dars qilamiz. Ikkita nevara bilan uch kishi shugʻullanayapmiz, biri ona tilidan, ikkinchisi ingliz tilidan va uchinchisi matematika va boshqa fanlardan. Koʻp vaqtimiz shu ikkita nevarani darsini qildirishga ketmoqda. Gapning rosti uch kishi shu ikkita boshlangʻich sinf oʻquvchilarini uddalashga qiynalmoqdamiz. Ayrim hollarda “uydagi oʻqituvchilarning” jahli ham chiqib qoladi.
Endi tasavvur qiling bitta oʻqituvchiga 30-35 nafar, ayrim hollarda 40 nafar bolani biriktirgan. Ular bilan oʻqituvchi bir vaqtning oʻzida birdagiga shugʻullanadi va hammasiga ulguradi. Bunga qanday erishadi, qanday muvaffaqiyat bilan bularning uddasidan chiqadi, hayratdan yoqa ushlaydi kishi.
Menimcha bu yerda bir gʻaroyib sir borga oʻxshaydi. Oldin koʻp eshitgan edim, dunyoda uchta kasb bor. Bular oʻqituvchi-ustozlar, qozilar va tabiblar. Bu kasblar Allohning inoyati bilan insoniyat uchun yaratilgan ekan. Shu tufayli xonaga oʻqituvchi va qozi kirib kelsa, hamma oʻrnidan turib kutib olishlari ham bejiz emas ekan. Tabib, odatda bemor boʻlib yotgan kishining oldiga kelganligi uchun bu tartib unga oʻrnatilmagan boʻlsa kerak.
Oʻqituvchining vazifasi ota-ona farzandni dunyoga keltirar ekan, ammo ustoz unga taʼlim berib osmonga koʻtarar ekan. Bu vazifa Yaratganning inoyati bilan boʻlganligi uchun uni hamma beixtiyor tinglar, uni eshitar va boʻysunar ekan. Qozi bu foniy dunyodagi adolatsizliklarga barham berish uchun hukm chiqarar ekan. Shu tufayli qozining hukmi kimga (rahbarmi u, boy-badavlatmi, kambagʻalmi bari bir) oʻqilishidan qatʼi nazar, uni bajarishga majbur ekan. Tabib ham kasal singari oddiy odamlar, ammo Alloh bergan kasbi bilan shu tabiblar bemorlarni davolar va oʻzining bergan shifosi bilan ular tuzalib chiqishar ekan.
Bugungi vaziyat xalqimizga shifokorning ham, oʻqituvchi-ustozlarning ham kimligini koʻrsatib qoʻydi. Bularning haqiqiy qahramonligini endi his qilayapmiz. Oʻqituvchi-ustozlar ham ilohiy kasb sohiblari ekan. Bir paytlar oʻqituvchilar ustidan ham, shifokorlar ustidan ham “magʻzava” toʻkkan paytlarimiz boʻldi. Mana bugun ularning kimligini tanib qoʻyinglar deb, bizga dars qilib koʻrsatmoqda.
Shu oʻrinda bitta gapni taʼkidlashni xohlar edim. Agar yuqorida taʼkidlangan kasblar Allohning inoyati bilan yaratilgan boʻlsa, unga xiyonat qilishga haqqimiz bormi? Albatta yoʻq birodarlar. Biroq ayrim hollarda doktorlar ham, oʻqituvchi-ustozlar ham oʻzimizning muqaddas burchimizga biroz xiyonat qildik. Oʻqituvchilar auditoriya kirib, bularni qanday oʻqitaman, degan savoldan koʻra qancha pul ishlayman, degan fikrni ustun qoʻygan onlarimiz ham boʻldi. Buni tan olib aytishimiz joiz. Uzoqqa bormayman, men ishlab turgan oliygohning oʻzida ayrim domlalarimiz kafedra mudirlari bilan menga talabasi oz guruhni beribsan, falonchiga talabasi koʻp guruhni beribsan, chunki u senga yaqin, degan xarxashalarga guvoh boʻlganman.
Har holda hayotda ancha-muncha hodisalarning ham guvohi boʻlib turibmiz, ayrimlarini eshitib, koʻrib yuribmiz. Ayrim shifokorlarda ham shunday ruhiyat paydo boʻldiki, bemor uning qabuliga borganda, buni qanday davolayman, degan savoldan oldini, bundan “qancha ishlayman”, degan masalani ustuvor qilganlari ham kam boʻlsa-da borligi hech kimga sir emas. Butun umrini shu kasbga baxshida qilgan halol-pokiza fidokorlik bilan faoliyat olib borayotgan shifokorlarimiz shaʼniga oz boʻlsa-da yuqorida tilga olingan nopok shifokorlar putur yetkazadi albatta.
Tasavvur qiling bir chiroyli oppoq mato. Ammo uning bitta joyiga birorta qora dogʻ tekkan boʻlsa, tashqaridan qaragan odamlar koʻziga shu qora dogʻ tashlanadi. Koʻp hollarda bu matoning bir joyida qora dogʻ bor ekan demaydi, balki bu mato boʻlmaydi, dogʻi bor ekan, deb hammasini yoʻqqa chiqaradi. Nachora, hayot shunday. Bitta nuqson bilan juda katta narsaning sifati tushib ketadi.
Bir oʻqituvchi bir soat gapirib maʼruza qilibdi. Shu orada ataylab bitta notoʻgʻri gapni ham qoʻshib ketibdi. Maʼruza tugagandan keyin bir soatlik darsni muhokama qilibdi. Hamma aytilgan bir soatlik toʻgʻri gaplar qolib, bir lahzada gapirilgan oʻsha bitta notoʻgʻri gap juda katta munozaraga sabab boʻlibdi. Bitta xato uchun bir soatlik darsni boʻlmaydiganga chiqargan ekan. Biz qanchalik yaxshi ishlarni qilmaylik bitta xatomiz katta kamchilik boʻlib koʻrinadi. Butun bir jamoa zoʻr faoliyat koʻrsatmasin, ularning ichidan bitta nopok chiqib qolsa, hamma yomon otli boʻladi.
Bundan xulosa, shu qora dogʻni qanday yoʻq qilish mumkin. Birinchidan, bularga oldin iymon-eʼtiqod, vijdon, halollik tushunchalarni kiritgan holda maʼnaviyatini koʻtarish kerak boʻladi. Buni yoshlikdan boshlash kerak. Bunday tarbiya faqat ota-ona, oʻqituvchi yoki mahalla bilan cheklansa ham torlik qiladi. Butun jamiyat oʻnglanishi lozim. Jamiyatda iqtidorlilar koʻchada qolib, “tupoylar” rahbar boʻlib yursa ham, ruhiyatga salbiy jihatdan katta taʼsir qiladi.
Ikkinchidan, shu kasbi orqali oladigan qonuniy maoshi roʻzgʻorini boqadigan darajada taʼminlaydigan boʻlishi lozim. Agar domla yoki shifokor halol pokiza ishlab yursa, olgan maoshi roʻzgʻorini boqishga yetmasa, bolalari non deb, ayoli dod, deb tursa ham vaziyatni oʻnglab boʻlmaydi. Odamda vaqtincha boʻlsa ham tinchini, farovonligini va xotirjamligini oʻylab kasbidan noqonuniy boʻlsa-da daromad qilishga harakat qiladi. Uchinchidan, ikkala tadbirning ham taʼsiri bularni oʻnglay olmasa, bularning qonuniy jazosini berish kerak. Nima boʻlganda ham butun boshli chiroyli matoning sifatini bitta dogʻ bilan tushirmaslik lozim.
Har qanday yomonlikning orqasida yaxshilik, zulmatning orqasida yorugʻlik bor degan hikmat bugun amalda. Hammamiz uchun juda katta tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻlgan bu davrdan tegishli xulosa chiqaraylik. Hozir hammaning shiori sabr va shukur boʻlishi lozim. Biz vabo bilan kurashayapmiz, ammo qoʻlga qurol olib, koʻchama-koʻcha chopib, pistirmadan poylab kurashmayapmiz. Bemalol uyda oʻtirib kurashayapmiz.
Bunga SHUKUR qilishimiz kerak. Albatta shu kurash jarayonida maʼlum cheklovlar oʻrnatildi. Bu cheklovlar ham oʻzimizning, farzandlarimizning, jamoamizning, xalqimizning, qolaversa butun jamiyatning foydamizga. Buning uchun uyda qolib, nolimasdan SABR qilishimiz lozim. Koʻrinib turibdiki, bugun oʻta xursand boʻladigan zamon ham emasligini, nolib iztirob chekadigan ham zamon emasligini toʻgʻri tushungan holda sabr va shukronalikni shior qilib yashashligimiz lozim. Bugungi sinovli damlardan eson-omon chiqib olishimizga Yaratganning oʻzi madadkor boʻlsin.
Biz bolalarimizni oʻzimiz oʻrnak boʻlib tarbiyalaydigan palla ham aynan hozir. Chunki koʻp hollarda bolalarimiz uyqudan turmasdan ishga ketadigan va ular uxlab qolgandan keyin ishdan qaytib kirib keladigan edik. Mana katta imkoniyat, bolalarimizning mehriga biz toʻyadigan palla, mos ravishda bolalarimiz ham biz ota-onalarning mehriga toʻyadigan davrni boshimizdan kechirmoqdamiz. Buning ham qadriga yetaylik.
Yana bir narsani anglab, qadriga yetadigan, bizga kim kimligini koʻrsatib qoʻyadigan davr desak ham xato boʻlmaydi. Davr qahramonlarni tan oldirar ekan. Mana oʻqituvchi-ustozlar kim, shifokorlar kim. Ikkalasi ham Yaratganning inoyati bilan yaratilgan kasb sohiblari oʻzlarining kimligini koʻrsatib qoʻydi. Ular inson sifatida aziz mukarram, mutaxassislar sifatida davr qahramonlari ekan. Buni tan olmaslik hayotga befarqlikdan boshqa narsa emas.
Mamayunus Pardayev, Samarqand
davlat iqtisodiyot va servis
instituti professori, iqtisod fanlari doktori