Davosi yo‘q xastalik – yagona chora emlanish
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda har yili 55 mingdan ortiq inson quturish kasalligi oqibatida hayotdan ko‘z yumadi.
Bugungi kunda ushbu xavfli xastalik 150 dan ziyod mamlakatda uchrayotgan bo‘lib, ayniqsa, Janubiy-Sharqiy Osiyo mintaqasi, Hindiston, Xitoy, Vetnam, Filippin, Laos va Indoneziya kabi davlatlarda epidemiologik vaziyat ancha noqulayligicha qolmoqda.

Inson hayotiga jiddiy tahdid soluvchi ushbu kasallikning oldini olish, undan himoyalanish choralari xususida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Epidemiologiya va yuqumli kasalliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Farhod Qurbonbekov quyidagilarni ma’lum qildi:
Quturish – odam va issiqqonli hayvonlarning markaziy asab tizimini shikastlaydigan, o‘tkir virusli va o‘ta xavfli yuqumli xastalikdir. Bu kasallikning eng mudhish jihati shundaki, agar o‘z vaqtida zarur tibbiy choralar ko‘rilmasa va kasallik belgilari namoyon bo‘la boshlasa, u albatta, o‘lim bilan tugaydi. Bugungi kunda tibbiyotda ushbu virusga qarshi samarali davolash usuli mavjud emas, shu sababli hayvon tishlagan yoki tirnagan insonni faqatgina o‘z vaqtida qilingan antirabik emlash (vaksina) qutqarib qolishi mumkin.
Yurtimizda ushbu kasallik asosan hayvonlar o‘rtasida muntazam ravishda qayd etib boriladi. Bu jarayon veterinariya xizmati va sog‘liqni saqlash organlari tomonidan qat’iy nazoratga olingan. Odamlar orasida quturish holatlari juda kamdan-kam uchraydi, bu haqdagi ma’lumotlar davlat organlarining rasmiy hisobotlarida aks ettiriladi. Virusning asosiy tashuvchilari sifatida itlar, shuningdek, yovvoyi hayvonlardan tulki, bo‘ri, chiyabo‘ri, yenot va ko‘rshapalaklar chiqishi isbotlangan. Muhim jihati, virus faqat sutxo‘rlarni zararlaydi, qushlar, sudralib yuruvchilar, baliqlar va hasharotlar ushbu kasallik bilan og‘rimaydi.
Hayvonlarning quturish kasalligiga chalinganini ularning xatti-harakatidan bilish mumkin. Bemor hayvonda agressivlik yoki aksincha, g‘ayritabiiy mehribonlik paydo bo‘ladi, ular bezovta bo‘lib, maqsadsiz yuguradi, qo‘rquv hissini yo‘qotadi. Shuningdek, ko‘p so‘lak oqishi, og‘izdan ko‘pik chiqishi, xirildoq ovoz chiqarish, suv va ovqatdan bosh tortish hamda orqa oyoqlar falajlanishi kuzatiladi. Bunday hayvonlarga hech qachon yaqinlashmaslik, ularni ovqatlantirishga yoki tegishga urinmaslik lozim. Keskin harakatlar qilmay, vazminlik bilan uzoqlashish va zudlik bilan hayvon ovlash xizmati yoki mahalla qo‘mitasiga xabar berish zarur.
Virus odamga asosan kasal hayvon tishlaganda uning so‘lagi orqali, shuningdek, tirnoqlarida yuqumli so‘lak bo‘lgan taqdirda tirnash orqali o‘tadi. Shikastlanmagan teri yoki junga shunchaki tegish xavfli emas, biroq so‘lakning terining shikastlangan qismiga yoki ko‘z, og‘iz, burun kabi shilliq pardalarga tushishi zararlanishga olib kelishi mumkin. Kasallikning yashirin (inkubatsion) davri o‘rtacha 1 oydan 3 oygacha davom etadi, biroq bu muddat 10 kundan bir yilgacha cho‘zilishi ham kuzatilgan. Bu davrda inson o‘zini mutlaqo sog‘lom his qiladi. Yashirin davrning qisqa yoki uzoqligi jarohatning bosh va bosh miyaga qanchalik yaqinligiga, tishlash chuqurligiga va organizmga tushgan virus miqdoriga bog‘liq.
Kasallikning dastlabki belgilari sifatida yara bitgan bo‘lsa-da, o‘sha joyda og‘riq, qichishish yoki achishish paydo bo‘lishi, tana haroratining ko‘tarilishi, holsizlik, uyqusizlik, xavotir va tovush hamda yorug‘likka sezuvchanlikning ortishini ko‘rsatish mumkin. Ushbu alomatlar namoyon bo‘ldimi, demak, jarayon orqaga qaytmaydi va bemorni qutqarishning imkoni qolmaydi.
Shu sababli, hayvon tishlaganda yoki tirnaganda zudlik bilan, birinchi 15 daqiqa ichida jarohatni sovunli suv bilan yaxshilab yuvish, antiseptik (yod, xlorgeksidin, peroksid) bilan ishlov berish va birinchi 2 soatdan kechiktirmay shifokorga murojaat qilish zarur. Quturishga qarshi vaksinani dastlabki 24 soat ichida olish uning samaradorligini ta’minlaydi. Vaksina travmatologiya punktlari yoki poliklinikalarda maxsus sxema asosida bir necha bor qilinadi. Hayvon tishlashi nafaqat quturish, balki qoqshol (stolbnyak) xavfini ham tug‘dirgani bois, shifokorlar odatda har ikki kasallikka qarshi emlashni amalga oshiradilar.
Vaksina olingandan so‘ng yengil og‘riq, qizarish yoki biroz isitma bo‘lishi tabiiy reaksiya hisoblanadi. Emlashga faqat og‘ir allergik holatlardagina monelik bo‘lishi mumkin, qolgan vaziyatlarda, jumladan, surunkali xastaliklar, homiladorlik yoki yengil shamollashda ham shifokor nazorati ostida emlash o‘tkaziladi, chunki quturishda tirik qolishning boshqa chorasi yo‘q. Xorij tajribasi va tibbiy tahlillar shuni ko‘rsatadiki, o‘z vaqtida emlash jadvaliga rioya qilish uy hayvonlarida ham, insonlarda ham kasallik yuqish xavfini deyarli nolga tenglashtiradi. Aholi orasida kichik tirnashlar xavfli emas degan noto‘g‘ri qarashlar uchrab turadi, biroq har qanday jarohatlanishda shifokor ko‘rigidan o‘tish hayotiy zaruratdir.
Mohigul Qosimova yozib oldi, O‘zA