Da’vo muddati joriy qilinmaydigan holatlarni bilasizmi?
Da’vo muddati – bu shaxs o‘z huquqlarini sud orqali himoya qilish uchun qonunda belgilangan vaqt oralig‘i. Ammo ba’zi talablar borki, ular da’vo muddati bilan cheklanmaydi, ya’ni istalgan vaqtda sudga murojaat qilish mumkin.Xo‘sh, qanday talablarga da’vo muddati qo‘llanilmaydi?
Toshkent davlat yuridik universiteti xodimi Imomali Tuyev bu borada quyidagicha tushuncha berdi:
– Shaxsiy mulkiy huquqlar va nomoddiy boyliklar himoyasi, jumladan, sha’ni, qadr-qimmati, shaxsiy hayot daxlsizligi, familiya, ism va boshqa shaxsiy huquqlarga da’vo muddati qo‘llanilmaydi.
Bank omonatlari va kafolatlangan to‘lovlarda omonatchining o‘z pulini bankdan talab qilish, yoki omonatlarni kafolatlash agentligidan kompensatsiya so‘rash huquqi vaqtga bog‘liq emas.
Fuqaroga hayoti yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplashda ham sudga kech murojaat qilingan taqdirda ham, da’vo muddati o‘tgan bo‘lsa, oxirgi 3 yil uchun to‘lov undiriladi.
Jinoyat natijasida yetkazilgan moddiy zarar holatida jinoyatdan zarar ko‘rgan shaxs, har qancha vaqt o‘tsa ham sudga murojaat qilishi mumkin.
Mulkdorning yoki boshqa egalik qiluvchining o‘z huquqini har qanday buzishlarni, garchi bu buzishlar egalik qilishdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmasa ham (ushbu Kodeksning 231-moddasi), bartaraf etish haqidagi talablariga, tarixiy-madaniy boyliklarni qaytarishda da’vo muddati cheklanmagan.
Mustaqillikdan oldin mamlakatdan olib chiqib ketilgan milliy boyliklar (masalan, artefaktlar, asarlar, qadimiy buyumlar)ni qaytarish uchun ham da’vo muddati cheklanmagan.
Vaqt o‘tgani – huquqingiz yo‘qolgani emas!
Agar sizning muammongiz yuqoridagi toifalardan biriga tegishli bo‘lsa – da’vo muddati o‘tdi deb o‘ylamang, huquqingizni himoya qilish imkoniyati saqlanib qolgan.
Asos: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 163-moddasi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA