“Davlatimizga rahmat, farzandim kasaldan forig‘ bo‘ldi”
Umida Meliqulova Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumani “Saxovat” mahallasida yashaydi. U “Ayollar daftari”ning Uy-joy bilan ta’minlanadigan xotin-qizlar ro‘yxatiga kiritilgan. 4 nafar farzandi bor. Umidaning 2007 yilda tug‘ilgan o‘g‘li Muhammadkarim Muhammadjonov tug‘ma yumshoq tanglay nuqsoni bilan tug‘ilganligi sababli nafas olish faoliyatida buzilish bo‘lib, jarrohlik amaliyotiga ehtiyoji bor edi.
U farzandining jarrohlik amaliyoti uchun moddiy yordam so‘rab Oqoltin tumani Oila va xotin-qizlar bo‘limiga murojat qildi. Uning murojaati qisqa fursatda o‘rganib chiqilib, Toshkent shahridagi Bolalar milliy tibbiyot markaziga “Ayollar daftari jamg‘armasi” hisobidan 15 million so‘m o‘tkazib berildi. Jarrohlik amaliyoti ijobiy natija berib, Muhammadkarimning salomatligi yaxshilandi.
– Quvonchimning cheki yo‘q, – deydi U.Meliqulova. – Prezidentimiz, davlatimizning bizlar kabi moddiy ko‘makka muhtoj oilalarga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rliklari tufayli farzandimning nuqsoni bartaraf etildi. Oilamizda ertangi kunlarning yanada farovon bo‘lishiga ishonch uyg‘ondi. Davlatimizga rahmat, farzandim kasaldan forig‘ bo‘ldi.
Sh.Suyarov, O‘zA