Davlat xizmatlari markazlarining yangi binosi ochildi
Farg‘ona viloyatining Furqat hamda Beshariq tumanida yangi davlat xizmatlari markazi binolari foydalanishga topshirildi.
Aytish joizki, har ikki tumanda ham davlat xizmatlari markazining avvalgi holati ko‘zda tutilgan standartlarga javob bermas edi. Shuning uchun ham mijozlarning sifatli xizmat olishlariga ko‘maklashish maqsadida yangi barpo etilgan markaz tez fursatlarda o‘ziga xos dizayn asosida qulay va shinam ko‘rinish kasb etdi. To‘liq ravishda qo‘shimcha qulayliklar va zamonaviy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi.
Markazlarning ochilish marosimi katta shodiyonaga aylandi. Beshariq tumanida ayni kunlarda 4 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Joriy yilning o‘zida tuman davlat xizmatlari markazi orqali 20 mingdan ortiq fuqarolarga 50 dan ortiq yo‘nalishda davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
Tadbirda so‘z olganlar bugungi kunda davlat xizmatlari ko‘rsatishda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida fikr bildirdi. Bugungidek yangi va zamonaviy binolar faqat va faqat xalq manfaatlari uchun xizmat qilishi ta’kidlandi.
[gallery-6746]
Markazda bir vaqtning o‘zida 10 nafar, bir kunda 500 nafardan ortiq fuqaroga xizmat ko‘rsatish imkoniyati paydo bo‘ldi. Ayni kunlarda zamonaviy tarzda jixozlangan keng va yorug‘ xonalar, kutish zallari, bolalar maydonchasi, investorlar xonasi, infolend, mo‘’jaz kutubxona, kassa, oshxona mijozlarning xizmatlar bilan bog‘liq har qanday og‘irini yengil qiladi. Tadbirkorlik sub’ektlari uchun ham barcha qulayliklar mavjud. Binolarda investorlarga xizmat ko‘rsatish uchun maxsus joy hozirlangan. Shuningdek, fuqarolarga bepul huquqiy maslahat berish burchagi, kutish zali, tibbiyot xonasi, e-auksion va o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish sharoitlari yaratib qo‘yilgan. Ushbu yangidan barpo etilgan markaz binolarining o‘ziga xos jihati shundaki, unda kompakt tarzda Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlari ham joy olgan. Endilikda Adliya vazirligi tizimidagi bu har ikki tashkilotga ehtiyoj sezgan fuqarolar tumanning u chetidan bu chetiga borishmaydi. Barcha ishlari shu yerning o‘zida yechim topadi.
– Davlat xizmatlari markazi binocining qayta qurilishi barcha uchun qulay imkoniyatlar eshigini ochdi, –deydi “Rapqon” mahalla fuqarolari yig‘inida yashovchi Ahmadali Tojiboyev.– Markazga kiraverishda xodimlar xushkayfiyat bilan fuqarolarni davlat xizmatlari sohasidagi murojaatini o‘rganib, elektron navbat orqali tegishli oynalarga yo‘naltiradi. Elektron navbat, infokiosk, kutish zali, bolalar maydonchasi, qo‘yingki, hammasi muhayyo qilingan. 4 ta monitorda davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi yangiliklar, davlat xizmatlari olish tartiblari to‘g‘risidagi roliklar muntazam namoyish etib boriladi.
Furqat tumanida ham davlat xizmatlari markazining butunlay yangi ko‘rinishda barpo etilishi aholiga ramazon oyi tuhfasi bo‘ldi.
M.Sulaymonov, M. Qodirov (surat), O‘zA