Davlat xizmatlari koʻrsatishda cheklov yoʻq
Mijozning harorati oʻlchanib, tibbiy niqob taqqanidan keyingina markazga kiritib, xizmatdan foydalanishga ruxsat berildi.
Jizzax viloyati Forish tumani davlat xizmatlari markaziga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishga kelgan Sobir Eshmatov tibbiy niqobda boʻlmagani sababli ichkariga kiritilmay, sanitariya epidemologiya stansiyasiga xabar berildi.
Mijozning harorati oʻlchanib, tibbiy niqob taqqanidan keyingina markazga kiritib, xizmatdan foydalanishga ruxsat berildi.
Karantin qoidalari kuchaytirilgan sharoitda bunday talab hech kimga malol kelmasligi kerak. Belgilangan qoidalarga rioya qilish nafaqat davlat idorasi xodimlarining, ayni paytda bu yerga kelgan har bir kishining salomatligini asrashda muhim ahamiyat kasb etadi.
– Ayni paytda markazimizda fuqarolarga Respublika maxsus komissiyasi belgilab bergan qoidalar asosida xizmat koʻrsatilmoqda, – deydi tuman DXM rahbari Bahrom Fozilov. – Joriy yilning oʻtgan davrida aholiga 9 ming 675 ta davlat xizmati koʻrsatildi. Masofaviy tarzda oʻzi mustaqil davlat xizmatidan foydalanganlar 200 tani tashkil etdi.
Viloyatdagi barcha shahar va tuman davlat xizmatlari markazlari karantin talablariga rioya qilgan holda ish faoliyatini uzluksiz olib borayotir. Joriy yilning olti oyi davomida viloyat aholisiga 148 ming 850 ta xizmat koʻrsatildi. Ularning 140 ming 606 tasi markazlarda, 8 ming 244 tasi internet orqali amalga oshirilgan.
Markazlar orqali koʻrsatilgan xizmat turlarini tahlil qilib, bugungi kunda odamlarga eng zarur hujjatlarni, ish yuritish vositalarini bilib olish mumkin. Masalan koʻrsatilgan xizmatlarning eng koʻpi – 1 ming 172 tasi elektron raqamli imzo (ERI) olish boʻyicha ekanligi tadbirkorlikning rivojlanayotganini koʻrsatib turibdi. Chunki elektron imzo aynan ular uchun boshqalarga qaraganda zarurroq.
Shuningdek, kadastr pasportini shakllantirishda 721 ta, jismoniy shaxslar uchun soliq toʻlovchining identifikatsion raqamini (STIR) olish boʻyicha 893 ta, koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazishda 664 ta xizmat koʻrsatilgani ham fuqarolarning bu sohalardagi faoliyati ham faollashganidan darak beradi.