Davlat xizmatida samarali boshqaruv yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) hamkorligidagi "Samarali boshqaruv" dasturi doirasida inson resurslarini strategik rejalashtirish tizimini raqamlashtirish masalalariga bag‘ishlangan ikki kunlik seminar-trening boshlandi.
Tadbir davlat organlarida inson resurslarini strategik rejalashtirish (Workforce Planning) jarayonlarini raqamlashtirishga xizmat qiluvchi axborot tizimi uchun texnik topshiriq loyihasini ishlab chiqish, uning funksional imkoniyatlari va amaliy mexanizmlarini belgilash maqsadida tashkil etildi.

10–11-iyun kunlari davom etadigan seminar-treningda Workforce Planning'ning jarayonlarini raqamlashtirish, axborot tizimi uchun texnik topshiriqni ishlab chiqish va hrm.gov.uz platformasi bilan integratsiya masalalari, kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni prognozlash, ma’lumotlarni tahlil qilish va avtomatik hisobotlarni shakllantirish hamda axborot xavfsizligi hamda tizimning barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha amaliy muhokamalar olib boriladi.

Loyiha doirasida avvalgi bosqichlarda 20 ta vazirlik va idorada Workforce Planning tizimini joriy etishga oid ichki hujjatlar ishlab chiqilib, mutaxassislar uchun seminar-treninglar tashkil etildi. Endilikda asosiy e’tibor ushbu jarayonlarni to‘liq raqamlashtirishga qaratilmoqda.

Seminar yakunida inson resurslarini rejalashtirishni raqamlashtirish bo‘yicha takomillashtirilgan texnik topshiriq ishlab chiqilishi, yagona texnik yondashuv yuzasidan kelishuvga erishilishi hamda amaliyotga yo‘naltirilgan hujjat shakllantirilishi rejalashtirilgan.
Mazkur tashabbus davlat xizmatida inson kapitalini boshqarishning zamonaviy tizimini shakllantirish, ma’lumotlarga asoslangan boshqaruv qarorlarini qabul qilishni takomillashtirish va boshqaruvning raqamli transformatsiyasini jadallashtirishga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA