Davlat xaridlari sohasida 10 mingdan ortiq kadr tayyorlanadi
Prezidentimizning 2026-yil 4-fevraldagi «Mahalliy ishlab chiqarish va sanoat kooperatsiyasini yangi tizim asosida rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi hamda Bank-moliya akademiyasi hamkorligida malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslari izchil davom etmoqda.
Mazkur o‘quv dasturi mahalliylashtirish, investitsiya loyihalarini boshqarish, davlat xaridlari tizimini takomillashtirish hamda milliy iqtisodiyotda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan.

Joriy yilning 18-mayidan boshlab «Investitsion loyihalarni boshqarishda mahalliylashtirish va milliy iqtisodiyotga qo‘shiladigan qiymatni rivojlantirish» mavzusida qisqa muddatli kurslar tashkil etilmoqda.
O‘quv mashg‘ulotlari Bank-moliya akademiyasining professor-o‘qituvchilari va sohada katta tajribaga ega amaliyotchilar tomonidan olib borilmoqda. Dastur ishtirokchilarga investitsiya loyihalarini samarali boshqarish, mahalliylashtirish imkoniyatlarini kengaytirish va zamonaviy iqtisodiy yondashuvlarni amalda qo‘llash bo‘yicha bilimlar beradi.

—Kurs davomida nazariy bilimlar amaliyot bilan uyg‘unlashtirilmoqda. Shu maqsadda tinglovchilar uchun Respublika tovar-xom ashyo birjasi, «O‘zavtosanoat» tizimidagi tadqiqot markazi hamda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga amaliy tashriflar tashkil etildi, — deydi Bank-moliya akademiyasi Ilmiy ishlar va xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Mashhurbek Jalolov. — Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, kurslar 11 hafta davomida o‘tkazilib, har hafta o‘rtacha 25 nafar tinglovchi qamrab olinadi.

Hozirga qadar 70 nafardan ortiq mutaxassis o‘z malakasini oshirdi. Ayni vaqtda o‘quv dasturining navbatdagi bosqichida loyiha ofislari rahbarlari va mutaxassislari ishtirok etmoqda. Ular investitsiya loyihalarini boshqarish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirokini kengaytirish va davlat xaridlari tizimida samaradorlikni oshirish bo‘yicha bilimlarini mustahkamlamoqda.

Ushbu kurslarning asosiy maqsadi mahalliylashtirish jarayonlarini samarali tashkil etish, investitsiya loyihalarida mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish va yuqori malakali kadrlar zaxirasini shakllantirishdan iborat.
Shuningdek, Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi tomonidan kelgusida davlat xaridlari sohasida 10 ming nafardan ortiq mutaxassisni o‘qitish va qayta tayyorlash rejalashtirilgan. Bundan tashqari, «El-yurt umidi» jamg‘armasi bilan hamkorlikda mutaxassislarning xorijiy stajirovkalarda ishtirokini yo‘lga qo‘yish ishlari ham olib borilmoqda.

Tahlilchilarga ko‘ra, bu kabi o‘quv dasturlari mamlakatda mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va davlat xaridlari tizimi samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Ushbu yo‘nalishdagi amaliy o‘quv kurslari iqtisodiyot tarmoqlari va davlat boshqaruvi organlarida faoliyat yuritayotgan kadrlarning bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘quv dasturining muhim yo‘nalishlaridan biri investitsiya loyihalarini tahlil qilish va ularda mahalliylashtirish imkoniyatlarini aniqlashga bag‘ishlandi. Tinglovchilar mahsulot nomenklaturasi, xarid hajmlari, texnik talablar va mahalliy resurslar salohiyatini baholash orqali yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish imkoniyatlarini o‘rgandi.

Kurs yakunlariga bag‘ishlangan tadbirda Respublika Bank-moliya akademiyasining Ilmiy ishlar va xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Mashhurbek Jalolov hamda Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi direktori o‘rinbosari Ilhom Pardayev ishtirok etib, tinglovchilarni dasturni muvaffaqiyatli tamomlagani bilan tabrikladi.
Tadbir davomida mamlakat iqtisodiyotida investitsiyalarni samarali boshqarish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishda malakali kadrlar tayyorlashning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
O‘quv dasturini muvaffaqiyatli yakunlagan tinglovchilarga belgilangan namunadagi sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA