Davlat tilini rivojlantirishda sun’iy intellekt yechimlari
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 7-avgustdagi “Respublikada davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ijrosi doirasida Namangan viloyatining Pop tumanidagi nodavlat ta’lim markazida shahar-tuman hokimlarining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchilari ishtirokida seminar bo‘lib o‘tdi. Unda hukumat qarorining joylarda ijrosini ta’minlash, hujjatda belgilab berilgan vazifalarni to‘laqonli amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Amaliy anjuman davomida davlat tilida ish yuritish jarayonlariga zamonaviy raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni joriy etishga qaratilgan bir qator yangi loyihalar taqdimot qilindi.
Qayd etilganidek, “TilNazorat AI” dasturi hujjatlar, saytlar va yozuvlardagi imlo, uslub hamda termin xatolarini sun’iy intellekt yordamida aniqlash va tuzatishga ko‘maklashadi.

“Davlat Tili AI Pasport” platformasi tashkilotlarning davlat tiliga muvofiqlik darajasini baholash, reytinglash va raqamli til pasportini shakllantirishga mo‘ljallangan.
“HujjatAI” xizmat xati, bayonnoma, ma’lumotnoma, hisobot va boshqa rasmiy hujjatlarni sun’iy intellekt yordamida tez va standart asosida tayyorlashga yordam beradi.

“MajlisAI” yig‘ilishlarni avtomatik matnga aylantirish, bayonnoma va topshiriqlarni shakllantirish hamda ularning ijrosini nazorat qilishga xizmat qiladi.

“TilScan” dasturi esa peshlavha, banner va boshqa yozuvlarni telefon kamerasi orqali tekshirish, xatolarni aniqlash hamda hududlar kesimida monitoring olib borish imkonini beruvchi mobil sun’iy intllekt yechim hisoblanadi.

– Axborot kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanayotgan bir kezda sohamizga tatbiq etilishi taklif qilinayotgan yangi innovatsion tashabbuslar alohida ahamiyatga ega, – dedi Namangan shahar hokimining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi, taniqli jurnalist Azizbek Abduvaliyev. – Bundan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad – davlat tilida ish yuritish sifatini oshirish, inson omilini kamaytirish, monitoring va nazorat jarayonlarini raqamlashtirish hamda davlat xizmatchilarining kundalik faoliyatida sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanishdir.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.