Davlat tilini puxta bilish – har qanday kasbiy salohiyatning muhim mezoni
21-oktabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun
Davlat tilini puxta bilish har qanday kasbiy salohiyatning muhim qismi hisoblanadi. Sohalar kesimida oladigan bo‘lsak, ona tilimizga bo‘lgan ehtirom har qanday tashkilotda aks etishi uchun imkoniyatlar yetarli. Undan salohiyatli foydalana olish esa egallangan ilm va qo‘llovchi shaxsning mahoratini namoyish etadi.

– Bugun davlat tiliga munosabat, ayniqsa, suv xo‘jaligi kabi strategik sohada oddiy imlo masalasi bilan cheklanmaydi, – deya fikrini bildiradi suv xo‘jaligi vazirining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Nodira Karimova. – Mutaxassis fikrini davlat tilida aniq va huquqiy jihatdan to‘g‘ri ifodalay olishi, sohaviy atamalarni bilishi, zarur ma’lumotni tez topib, asosli javob bera olishi kerak.
2026-yil 7-avgustda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil etishga doir qarori bu boradagi talablarni yanada kuchaytirdi. Endi hujjatning o‘zbek tilida bo‘lishi kifoya emas – u aniq, tushunarli, huquqiy jihatdan puxta va zamonaviy elektron muhit talablariga mos bo‘lishi lozim.
Suv xo‘jaligi tizimida har kuni xizmat xatlari, topshiriqlar, hisobotlar, texnik xulosalar, loyiha hujjatlari, dalolatnomalar va shartnomalar tayyorlanadi. Birgina noaniq ibora ham mazmunning noto‘g‘ri talqin qilinishiga olib kelishi mumkin. Shu ma’noda tilga qo‘yilayotgan talab, avvalo, kadr sifatiga qo‘yilayotgan talabdir.
Bugungi kunda vazirlik tizimida davlat tili, kasbiy bilim, kitobxonlik va raqamli ko‘nikmalarni uyg‘un holda rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Normativ-huquqiy hujjatlar bilan tezkor ishlash, mustaqil va tahliliy fikrlash, savollarga aniq hamda asosli javob berish qobiliyati zamonaviy mutaxassis qiyofasini belgilaydi. Shuningdek, elektron hujjat aylanishi, ma’lumotlar bazasi, GIS (geoinformatsion tizimlar), raqamli monitoring vositalari hamda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalana olish davr talabiga aylandi.
Kitobxonlikka ham kasbiy rivojlanish vositasi sifatida qaralmoqda. Maqsad ko‘p kitob o‘qish emas, balki o‘qilgan bilimni fikr va amaliyot bilan bog‘lashdir. “60 soniyalik savol” kabi loyihalar esa xodimning tezkor fikrlashi, bilimni amalda qo‘llashi va kasbiy ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Sohada atamalarni bir xil qo‘llash ham muhim. Shu maqsadda “Suv xo‘jaligi atamalarining yagona elektron lug‘ati”ni shakllantirish ishlari olib borilmoqda. Unda gidrotexnika, irrigatsiya, melioratsiya, nasos stansiyalari, suv hisobi, avtomatlashtirish, sun’iy intellekt va raqamli suv xo‘jaligiga oid atamalar jamlanadi.
Davlat tilini rivojlantirishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish ham dolzarb. Matnni ovozga, nutqni matnga aylantirish, tarjima va hujjatlar bilan ishlash texnologiyalari ish jarayonlarini yengillashtirishi mumkin. Shu nuqtai nazardan, normativ hujjatlar, texnik standartlar va sohaviy lug‘atlar asosida ishlaydigan ichki intellektual yordamchi yaratish ham istiqbolli yo‘nalishdir.
Eng muhimi, natija o‘tkazilgan tadbirlar soni bilan emas, xodimning savodxonligi, kasbiy bilimi, kitobxonligi, raqamli ko‘nikmalari va muloqot madaniyatidagi o‘sish bilan baholanishi kerak.
Darhaqiqat, 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni nafaqat milliy o‘zlikni anglash, balki davlat tilida erkin va tahliliy fikrlaydigan, bilimli hamda zamonaviy texnologiyalarni puxta egallagan yangi avlodni shakllantirishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA