Davlat tiliga e’tibor – mustaqillikka e’tibordir
21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni
Yurtimizda yana bir ulug‘ bayram. Bugun, 21 oktyabr kuni o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 33 yil to‘ldi.
Ma’lumki, har bir xalqning tili shu davlatning timsoli, mulki, ruhi, madaniy va ma’naviy boyligi, qolaversa, shu millatning madaniyati, urf-odati, turmush tarzini ifodalovchi eng muhim vositadir. Shukrki, mustaqillik sharofati bilan ona tilimiz, bebaho boyligimiz o‘zimizga qaytdi. Axir bu yo‘lda ne-ne ajdodlarimiz zahmat chekib, mehnat qilmagan, umrlarini bag‘ishlamagan deysiz.
Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy kabi allomalarimiz tilimiz qaddini tiklashda fidoyilik ko‘rsatgani tarixdan ma’lum. Lekin ulug‘ mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy o‘zbek tilining o‘z davrida taomilda bo‘lgan boshqa tillardan aslo qolishmasligini, aksincha, eng boy va qadimiy til ekanini asarlari, xususan, besh dostondan iborat “Xamsa”si orqali isbotlab bergan. Binobarin, bu tilning “Navoiy tili” deb atalishi ham bejiz emas.
O‘zbek xalqining o‘z qadriyatlariga sodiqligi tufayli bu til necha- necha zamonlar silsilasida yo‘qlikka yuz tutgan boshqa yuzlab tillardan farqli ravishda hamon yashab kelmoqda. Hozirgi vaqtda o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni jahon miqyosida 50 million kishidan ortadi. Bu ona tilimizning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi. Ona tilimiz eng boy tillardan biridir. Buni o‘zga millat vakillari ham doimo e’tirof etishadi. Masalan, rossiyalik tilshunos olima A.Kozlyanina “O‘zbek tili nafis va musiqa ohangidek jozibador” deydi.
Ona tilimizning davlat tili maqomiga ega bo‘lishi millatimizning sha’ni, obro‘-e’tiborini yuksaltirdi. Bir vaqtlar xalqni ma’rifatli qilish uchun jon kuydirgan, mustabid tuzum ta’qibiga qaramay, “O‘z tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir” deya ortga chekinmagan millatimiz fidoyilari, tilimiz jonkuyarlari Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Ishoqxon Ibrat kabi allomalarimiz so‘nggi yillardagi o‘zgarishlardan, albatta, quvongan bo‘lardilar.
Chunki mamlakatimizda ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi siyosat va amaliy ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Buning tasdig‘ini qabul qilingan tarixiy farmon va qarorlar misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Xususan, 2019 yil 21 oktyabrda Prezidentimizning “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. 2020 yil 10 apreldagi qonun bilan “O‘zbek tili bayrami kuni” belgilandi.
Shuningdek, 2020 yil 20 oktyabrda davlatimiz rahbarining “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinib, u bilan “2020 — 2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi, “2020 — 2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2020 — 2022 yillarda amalga oshirish dasturi” tasdiqlandi.
21 oktyabrning “O‘zbek tili bayrami kuni”sifatida belgilanishi va har yili keng miqyosda nishonlanishi xalqimizni behad quvontirdi. Buni, albatta, qadrlashimiz, ona tilimizni ko‘z qorachig‘iday asrashimiz zarur. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim”.
Bu hammamiz uchun qat’iy shior va ahdga aylanishi zarur.
Albatta, ona tilimizning sofligini saqlash, uni asrab-avaylashda boshqa soha vakillari qatori madaniyat xodimlarining ham zimmasida mas’uliyat katta. Jahon sahnalarida yangrayotgan maqom ashulalarimiz, milliy raqs, kuy-qo‘shiqlarimizda jonajon tilimizning jozibasi yanada yorqin namoyon bo‘lmoqda. Axir olam ahlini o‘ziga jalb etayotgan “Sharq taronalari”, Xalqaro baxshichilik san’ati, “Boysun bahori” festivallarida yangrayotgan sehrli navolar shu bebaho tilimiz jozibasi tufayli emasmi?!
Bir jihatga alohida ahamiyat qaratish kerakki, bizning til siyosatimizda aslo boshqa tillarni kamsitishga yo‘l qo‘yilmaydi. Aksincha, O‘zbekistondagi bag‘rikenglik siyosati tufayli, hozirda yurtimizda yagona oila bo‘lib yashayotgan 130 dan ziyod millat va elat vakillariga o‘z ona tili, urf-odat va qadriyatlarini rivojlantirishi uchun hamma shart-sharoitlar yaratilmoqda. Milliy madaniy markazlar ayni shu maqsadga xizmat qilmoqda. Bunday siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan ham doimo e’tirof etiladi.
Ta’kidlash joizki, har bir ishda ko‘zlangan maqsadga erishish uchun hamjihatlik katta ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda, o‘zbek tili jonajon Vatanimizda yashayotgan barcha fuqarolarimiz uchun aziz va qadrli tilga aylanishi, uning jozibadorligini oshirish uchun hammamiz birgalikda harakat qilishimiz, islohotlarni o‘zimizdan boshlashimiz,tilimiz uchun jon kuydirishimiz zarur. Bunda daxldorlik tuyg‘usi juda muhim o‘rin tutadi. Ya’ni tilimizga bo‘lgan hurmatimiz uyda, ko‘chada, jamoat joylarida, o‘quv-ta’lim muassasalarida yaqqol sezilishi, so‘zlashuv madaniyatimizda o‘z ifodasini topishi shart.
Fursatdan foydalanib, barchangizni “O‘zbek tili bayrami kuni” bilan samimiy muborakbod etaman. Millatimiz ko‘zgusi – ona tilimiz dunyo turguncha yashasin!Shunday bebaho boylik sohibi bo‘lgan aziz xalqimiz omon bo‘lsin!
Ozodbek Nazarbekov,
madaniyat vaziri
O‘zA