Davlat tiliga ehtirom Vatanga nisbatan ehtirom va sadoqatdir
O‘zbek tili uzoq yillar davomida sayqallanib, boyitib kelinayotgan tildir. Hozirgi kunda ona tilimiz nafaqat mamlakatimiz, balki jahon miqyosida ham o‘zining munosib o‘rni va mavqeiga ega bo‘lib bormoqda. Jumladan, o‘zbek tili BMTning yuksak minbarida, yirik xalqaro anjuman va sammitlarda baralla yangramoqda.
Shu kunlarda 21 oktyabr — O‘zbek tili bayrami yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda. Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi hamda Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi hamkorligida o‘tkazilgan “Til — millat ruhi” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir ham O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlandi.
Deputatlar, Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mas’ul xodimlari, adabiyotshunos olimlar, Yozuvchilar uyushmasi a’zolari va yoshlar ishtirok etgan tadbirda ona tilimizning mavqeini mustahkamlash, sofligini saqlash, davlat tili sifatidagi o‘rnini yuksaltirish borasida fikr-mulohazalar bildirildi.
Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Xurshid Do‘stmuhamedov, Farida Oqbo‘tayeva hamda pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev o‘zbek tilining ming yillik tarixi, asrlar davomida ilm-fan va adabiyotlarda, badiiy asarlarda keng qo‘llanilib kelinayotgani, uning jozibadorligi va boyligi haqida to‘xtalib o‘tdi. Ta’kidlanganidek, bugungi kunda jahon miqyosida ko‘plab tillar yo‘qolib ketish arafasida turgan bir paytda 50 millionga yaqin kishi o‘zbek tilida so‘zlashayotgani, ona tilimiz jahon minbarlarida yangrayotgani har birimizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.
Shu bilan birga, oldimizda davlat tilining ahamiyatini yanada oshirish, til siyosatini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan talay ishlar turgani qayd etildi. Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va to‘g‘ri foydalanishga erishish, uning zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashuvini ta’minlashga qaratilgan islohotlarni yanada jadallashtirish zarurligi aytildi. Ta’kidlanganidek, ona tilimizga bo‘lgan e’tibor istiqlolimizga, millatimizga bo‘lgan e’tibordir, davlat tiliga ehtirom va sadoqat esa ona Vatanga nisbatan ehtirom va sadoqatdir.
Tadbir davomida deputatlar va yoshlar ham tilimizni asrab-avaylash bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Davra suhbati so‘ngida deputatlar ishtirokida o‘tkazilgan diktant tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA