Davlat obyektlari: imkoniyat, imtiyoz va samara
Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi va Qashqadaryo viloyati hokimligi hamkorligida Qarshi shahri, Shahrisabz va Kasbi tumanlarida uch kunlik “Davlat obyektlari yarmarkasi” tashkil etildi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi va Qashqadaryo viloyati hokimligi hamkorligida Qarshi shahri, Shahrisabz va Kasbi tumanlarida uch kunlik “Davlat obyektlari yarmarkasi” tashkil etildi.
Tadbirkorlar va sarmoyadorlarning davlat mulki obyektlari, bino-inshootlar, yer uchastkalarini olishida tenglik va oshkoralik tamoyilini qoʻllash, ularning oʻz biznesini tashkil etib, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshishlariga keng imkoniyat yaratish maqsadida tashkil etilgan yarmarkada viloyat hududida faoliyat yuritayotgan tegishli tashkilot va muassasalar vakillari, tadbirkorlar, ishbilarmonlar hamda sarmoyadorlar ishtirok etdi.
Uch kun davomida oʻtkazilgan davlat obyektlari yarmarkasida viloyat hududida sotiladigan yer uchastkalari va ishlab chiqarish obyektlari, ijara shartnomasi asosida faoliyat koʻrsatish uchun hamda davlat-xususiy sherikchilik asosida beriladigan davlat obyektlari, shuningdek kichik sanoat zonalarida mavjud yer uchastkalari va boʻsh turgan obyektlarda biznes loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari tadbirkor va ishbilarmonlarga taklif etildi.
- Boshqarmamiz tomonidan joriy yilning oʻtgan davrida bir qator ishlar amalga oshirildi, - deydi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi boʻlim boshligʻi Toʻlqin Oltiboyev. - Jumladan, xatlovlar natijasida 2019-yil 1-yanvar holatida aniqlangan 450 ta boʻsh turgan davlat mulki obyektlari boʻyicha tadbirlar belgilanishi natijasida, ulardan 137 tasining faoliyati tiklandi. 23 ta obyekt yoʻlga tushganligi va boshqa holatlar sababli oʻrnatilgan tartibda buzib olindi. 31 tasi aholini ehtiyoji uchun belgilangan tartibda turar joyga oʻtkazildi. 67 tasi tadbirkorlik subyektlariga xususiylashtirilib berildi. Boʻsh turgan davlat mulki obyektlarini tadbirkorlik subyektlariga faoliyatini yoʻlga qoʻyish maqsadida berishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-oktyabrdagi “Davlat mulki obyektlarini va yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni tadbirkorlik subyektlariga sotish tartibini soddalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni belgilangan holda 1 soʻmga teng qiymatdagi boshlangʻich narxda “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasiga auksion savdolari orqali sotilishi tadbirkorlarga keng imkoniyat yaratdi.
Tashkilotchilarning taʼkidlashicha, mazkur farmon asosida 2019-yil davomida xususiylashtirish dasturlari asosida 41 ta boʻsh turgan davlat obyektlari 1 soʻmga teng qiymatdagi boshlangʻich narxda investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni belgilangan holda “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasi orqali 25 milliard 535 million soʻm va 150 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish hamda 474 ta yangi ish oʻrni yaratish majburiyatlari bilan sotilgan. 6 ta davlat obyekti 28 milliard 500 million soʻmlik va 4,5 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish va 235 ta yangi ish oʻrinlari yaratish majburiyatlari bilan “nol” xarid qiymatda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzish orqali tadbirkorlarga sotildi. Shu bilan birgalikda 1 ming 211 ta boʻsh turgan 262,5 ming kvadrat metr yer maydoniga ega davlat obyektlari ijaraga berildi.
Tadbirda ishtirokchilarga davlat obyektlarini sotib olish yoki ijaraga olish, “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo tizimi imkoniyatlaridan foydalangan holda, obyektlarni xarid qilish, davlat-xususiy sherikchiligi asosida biznes-loyihalarni amalga oshirish uchun taklif etilayotgan davlat obyektlarini olish shartlari hamda bu borada beriladigan imtiyoz va preferensiyalar haqida batafsil maʼlumot berildi.
- Bugungi koʻrgazma biz tadbirkorlar uchun nihoyatda ahamiyatli boʻldi, - deydi Kasbi tumanidagi “Kasbi stoma” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Abdusamad Quvvatov. – 2018-yilda ham tumanimizdagi boʻsh turgan obyektni investitsiya kiritish va koʻplab ish oʻrinlari yaratish sharti bilan “nol” qiymatda olgandik. Hozir u yerda xususiy klinika tashkil qilganmiz. Kelajakda ushbu faoliyatimizni yanada kengaytirishni maqsad qilganmiz.
Shuningdek, davlat obyektlari yarmarkasi davomida tadbirkorlar, sarmoyadorlar, tuman (shahar) hokimining investitsiya boʻyicha oʻrinbosarlari, investitsiya, kadastr, xalq taʼlimi, tibbiyot birlashmasi, soliq inspeksiyasi, savdo-sanoat palatasi hamda barcha banklar rahbarlari ishtirokida seminar tashkil etildi. Unda ishtirokchilar har bir yoʻnalish boʻyicha mutasaddi tashkilot vakillaridan oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldi.