Davlat mukofotlari egalariga topshirildi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning farmoniga asosan o‘zining ko‘p yillik samarali ilmiy-ijodiy faoliyati, yorqin va betakror iste’dodi bilan xalqimizning madaniy, badiiy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, milliy ma’naviyatimizni boyitish, mamlakatimizda madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini rivojlantirish, asriy an’analarimiz va boy merosimizni asrab-avaylash hamda Yangi O‘zbekistonni jahon miqyosida targ‘ib etishga qo‘shgan munosib hissasi uchun bir guruh yurtdoshlarimiz davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi.
Taqdirlanganlar orasida bir guruh xorazmliklar ham bor. Xorazm viloyati hokimligida mukofotlanganlarni taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbarining tegishli farmoniga muvofiq, Urganch ixtisoslashtirilgan maqom san’ati maktab-internati direktori Azamat Otajonov madaniyat va san’at sohasidagi samarali mehnati, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash hamda milliy maqom san’atini rivojlantirish yo‘lidagi xizmatlari uchun “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.
– Prezidentimizning mazkur yuksak mukofotlari men uchun nafaqat ko‘p yillik faoliyatimning e’tirofi, balki endilikda shogirdlarim bilan birgalikda milliy san’atimiz ravnaqiga qo‘shadigan hissamiz uchun rag‘bat deb bilaman, – deydi “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Azamat Otajonov.

“Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan Xorazm viloyati qo‘g‘irchoq teatri direktori Davronbek Atabayev o‘z hayajonini yashirib o‘tirmadi.
– Prezidentimiz tomonidan “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlanganimni eshitgan lahzamdan buyon qalbimda faxr va cheksiz minnatdorlik tuyg‘usi jo‘sh urmoqda, – deydi Davronbek Atabayev. – Bu mukofot faqatgina mening emas, balki Xorazm viloyati qo‘g‘irchoq teatrining har bir fidoyi san’atkori, sahna ortida mehnat qilayotgan har bir xodimining umumiy yutug‘idir. Biz yillar davomida jajji tomoshabinlarimizning yuziga tabassum yugurtirish, ularning qalbiga ezgulik urug‘larini ekish yo‘lida bir tan, bir jon bo‘lib mehnat qildik.
Xorazm viloyati ko‘zi ojizlar kutubxonasi direktorining o‘rinbosari Rohat Tajiyeva ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga muvofiq ko‘p yillik samarali mehnati, sohaga qo‘shgan munosib hissasi hamda aholining ma’naviy-ma’rifiy saviyasini yuksaltirishdagi fidokorona xizmatlari uchun “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
– San’atga, madaniyat xodimlariga ko‘rsatilayotgan bunday yuksak e’tibor va ishonch bizga yangicha kuch, shijoat bag‘ishlaydi, – deydi Rohat Tajiyeva. Bundan keyin ham yosh avlod ma’naviyatini boyitish yo‘lida fidokorona xizmat qilishdan charchamaymiz. Bizga bildirilgan bu katta ishonch bizni yanada ko‘proq mehnat qilishga undaydi.
Tadbirda ushbu yuksak mukofot soha vakillarining mashaqqatli mehnati va san’at rivoji yo‘lidagi xizmatlariga berilgan munosib e’tirofi ekanligi ta’kidlandi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari