Davlat mukofoti sohibi bilan uchrashuv
Buxoro davlat pedagogika institutida Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan iqtidorli talaba Mehriniso Ergashova bilan davra suhbati o‘tkazildi.
Uchrashuvni olib borgan institut rektori Bahodir Ma’murov o‘z so‘zida Mehriniso Ergashevani ushbu yuksak mukofot bilan samimiy tabriklab, uning yutug‘i tinimsiz mehnat, izlanish va bilimga chanqoqlikning samarasi ekanini ta’kidladi. Shuningdek, rektor yoshlarning bilimga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish maqsadida unga inson kamoloti uchun muhim bo‘lgan kitoblar to‘plamini sovg‘a qildi hamda kelgusidagi ilmiy va ijodiy faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
Mehriniso Ergasheva Buxoro davlat pedagogika institutining birinchi bosqich magistranti. Uning bugungi muvaffaqiyatlari izchil mehnat, qat’iyat va ilmga bo‘lgan yuksak intilish samarasidir. Tirishqoq va intiluvchan yosh tadqiqotchining nigohlarida qadimiy Buxoro allomalaridan meros bo‘lib kelayotgan ilmga tashnalik, qalbida esa zamonaviy bilimlarni egallashga bo‘lgan shijoat aks etadi. U nafaqat bilim olayotgan talaba, balki ta’lim tizimiga yangicha yondashuvlar olib kirishga intilayotgan izlanuvchan yosh tadqiqotchi sifatida ham e’tiborga loyiq.
Mehriniso Buxoro viloyati Jondor tumanining fayzli xonadonlaridan birida dunyoga kelgan. Yoshligidanoq ilm-fanga, ayniqsa, pedagogika sohasiga katta qiziqish bilan ulg‘aygan. U oliy ta’lim olishni Jizzax davlat pedagogika universitetida boshlagan bo‘lsa, 2022-yildan o‘qishini Buxoro davlat pedagogika institutida davom ettirdi. Keyinchalik ushbu oliy ta’lim muassasasining magistraturasiga qabul qilinib, ilmiy izlanishlarini yanada chuqurlashtirishga muvaffaq bo‘ldi.
Yosh tadqiqotchi faqatgina o‘z sohasining nazariy bilimlari bilan cheklanib qolmadi. U zamon talablarini chuqur anglagan holda chet tillarini o‘rganishga ham katta e’tibor qaratdi. Bugungi kunda Mehriniso rus, ingliz, koreys va turk tillarida erkin muloqot qila oladi. Bu esa uning xalqaro ilm-fan maydonida ham faol ishtirok etishiga zamin yaratmoqda.
Hozirgi kunda u “Umumiy pedagogika” mutaxassisligi bo‘yicha magistrant sifatida ilmiy faoliyatini davom ettirmoqda. Uning asosiy maqsadi pedagogika sirlarini yanada chuqurroq o‘rganib, kelajakda yosh avlodga sifatli ta’lim berish, ta’lim tizimida zamonaviy yondashuvlarni joriy etishdir.
Mehrinisoning ilmiy izlanishlari an’anaviy ta’lim tajribalari va zamonaviy pedagogik g‘oyalarni uyg‘unlashtirgani bilan ahamiyatlidir. Uning “Aqlli PIRLS dasturi” hamda maktabgacha ta’lim sohasiga oid metodik ishlanmalari bugungi ta’lim tizimi talablari bilan hamohang. Bir nechta mualliflik guvohnomalariga ega bo‘lgan yosh tadqiqotchining yutuqlari zamirida “Ilm saodat kalitidir” degan hayotiy tamoyil mujassam.
[gallery-28119]
Bugun Mehrinisoning quvonchiga nafaqat uning oilasi, balki butun viloyat ahli sherik. Zulfiya nomidagi davlat mukofoti nafaqat shaxsiy yutuq, balki izlanuvchan va intilishdan to‘xtamaydigan barcha yoshlar uchun katta rag‘bat, viloyat ta’lim tizimiga berilgan munosib bahodir.
Davra suhbati davomida Mehriniso Ergasheva Zulfiya mukofotiga erishish yo‘lida olib borgan ilmiy izlanishlari, o‘qish jarayonidagi intilishi, ustozlarining qo‘llab-quvvatlashi hamda yoshlar uchun muhim bo‘lgan bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Uning samimiy va ilhombaxsh fikrlari tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbir davomida talaba-qizlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi. Shuningdek, kelgusida yuksak marralarni zabt etish uchun zarur bo‘lgan muhim maslahat va tavsiyalar ham berildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari