Davlat grantiga munosib fuqarolik jamiyati institutlariga 12,1 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratiladi
Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda davlat ijtimoiy buyurtmasi tanlovi g‘oliblarini tasdiqlash, navbatdagi davlat granti tanlovini e’lon qilish, fuqarolik jamiyati institutlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash hamda amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosini tahlil qilish masalalari muhokama qilindi.
Joriy yilning iyun oyida davlat tashkilotlarining aholi turmush sharoitini yaxshilash, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta’minlash, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish hamda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan ijtimoiy buyurtmalar bo‘yicha davlat ijtimoiy buyurtmasi tanlovi e’lon qilingan edi.

Mazkur tanlov doirasida fuqarolik jamiyati institutlaridan 217 ariza kelib tushdi.
Loyihalarni baholash jarayonida ularning ijtimoiy ahamiyati, amaliy natijadorligi, aholi ehtiyojlariga yo‘naltirilgani hamda barqaror natijalarga erishish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. Muhokama yakunida 29 loyiha tanlov g‘olibi deb topildi.
Yig‘ilishda fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan navbatdagi davlat granti tanlovini e’lon qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Yangi tanlov doirasida maishiy korrupsiyaning oldini olishda “Navoiy tajribasi”ni ommalashtirish, odam savdosi jabrdiydalarini psixologik reabilitatsiya qilish va kasbga yo‘naltirish, giyohvandlik profilaktikasini kuchaytirish, inson huquqlari bo‘yicha ta’limni rivojlantirish, muammoli oilalar bilan manzilli ishlash, ekologik madaniyatni yuksaltirish, munosib mehnat tamoyillariga rioya etilishini monitoring qilish, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun neyroreabilitatsiya xizmatlarini rivojlantirish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hamda hududlardagi qator mahallalar infratuzilmasini yaxshilash kabi ustuvor yo‘nalishlarda loyihalarni qo‘llab-quvvatlash nazarda tutilmoqda. Mazkur maqsadlarni amalga oshirish uchun 12,1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilishi nazarda tutilgan.
Yig‘ilishda bir qator fuqarolik jamiyati institutlarining moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish bilan bog‘liq murojaatlari ham ko‘rib chiqildi. Muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA