Davlat geodeziya tarmog‘i punktlarining ahamiyati
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan «Geodeziya va kartografiya faoliyati hamda davlat geodeziya tarmog‘i punktlarining ahamiyati» mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Anjuman doirasida Geodeziya nazorati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari O‘tkir Imomqulov O‘zA muxbiriga bugungi kunda geodeziya va kartografiya faoliyatidagi o‘zgarishlar haqida quyidagilarni so‘zlab berdi.
– So‘nggi yillarda mamlakatimizda ishbilarmonlik va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, eskirgan, zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni takomillashtirish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, – dedi O‘.Imomqulov. – Litsenziyalash va ruxsat berish tizimini liberallashtirish hamda institutsional isloh qilishning yangi bosqichini boshlashda Prezidentimizning 2020 yil 24 avgustdagi «Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur hujjat bilan tizim tartib-taomillarni soddalashtirish, tegishli hujjatlarni berish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish orqali shaffoflikni ta’minlash vazifasi belgilandi.

Jumladan, 2021 yil 1 yanvardan boshlab litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning xabardor qilish tartibi joriy etilishi orqali tadbirkorlarga bir qator yengilliklar yaratildi. Xususan, geodeziya va kartografiya faoliyati bilan shug‘ullanishni boshlovchi tadbirkorlarga qator qulayliklar berildi.
Xususan, litsenziya berish haqidagi ariza ko‘rib chiqilganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdoridagi yig‘im – yarim baravarga tushirildi. Tadbirkorlik sub’ektlarining an’anaviy usulda hujjatlarni taqdim qilish o‘rniga, tizim orqali avtomatik ariza topshirilishi va xabardor etish tizimi joriy etildi.
Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlariga yaratilgan yengilliklar qatorida geodeziya va kartografiya faoliyatni xabardor etmasdan amalga oshirganda, ma’muriy jazo qo‘llash normalari belgilandi.
Faoliyat bilan litsenziyasiz shug‘ullanish ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi ko‘rsatib o‘tilgan.
O‘zA muxbiri
Shahnoza MAMATUROPOVA
yozib oldi.