Davlat ekologik ekspertizasi markazi va O‘zbekiston Milliy universiteti o‘rtasidagi hamkorlik mustahkamlanmoqda
O‘zbekiston Milliy universitetida “Davlat ekologik ekspertizasi markazi” davlat muassasasi mas’ullari, Biologiya va ekologiya fakulteti professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
12-may — Ekologik ta’lim kuni arafasida tashkil etilgan tadbirda Davlat ekologik ekspertizasi tizimi va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, yoshlarning ekologiya sohasiga qiziqishini oshirish, bo‘lajak mutaxassislarning amaliy tayyorgarligini kuchaytirish hamda Markazning asosiy faoliyat yo‘nalishlari va vazifalari haqida ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, ekologik ekspertiza loyihalarning atrof-muhit va aholi salomatligiga ehtimoliy ta’sirini baholash, ekologik xavflarni barvaqt aniqlash imkonini beruvchi muhim mexanizm hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risida”gi qonuni sohada yangi bosqichni boshlab berib, endilikda nafaqat alohida loyihalar, balki strategik darajadagi hujjatlarni ham baholashni nazarda tutadi.
Shu munosabat bilan zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega ekologik kadrlarni tayyorlashning dolzarbligi, ta’lim jarayonini davlat organlari, korxonalar va ekspert tashkilotlari faoliyati bilan uyg‘unlashtirish imkonini beruvchi dual ta’limni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ishtirokchilarga Markazning xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligi, xorijiy tillarni biladigan, zamonaviy texnologiyalar, ma’lumotlar tahlili va ekologik modellashtirish ko‘nikmalariga ega mutaxassislarga ehtiyoj mavjudligi haqida ham ma’lumot berildi.
Uchrashuvda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Yashil makon”, “Eko-madaniyat” va “Toza havo” umummilliy loyihalari ham muhokama qilindi. Ushbu tashabbuslar yashil hududlarni kengaytirish, havo sifatini yaxshilash, ekologik ta’limni rivojlantirish hamda aholining ekologik madaniyatini oshirishga qaratilgani qayd etildi.

Ta’kidlanishicha, “Yashil makon” loyihasi doirasida har yili 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish hamda 2030-yilga qadar mamlakatda yashillik darajasini 30 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Talabalar ekologik aksiyalar, ilmiy tadqiqotlar va amaliy loyihalarda faol ishtirok etishga chaqirildi.
Tadbir doirasida Davlat ekologik ekspertizasi markazi hamda Biologiya va ekologiya fakulteti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kadrlar tayyorlash, dual ta’limni rivojlantirish, talabalarni ekologik loyihalarga jalb etish va qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA