Davlat dasturi targ‘ibiga bag‘ishlangan tadbir
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tashabbusi bilan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Mahallalarni rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturining mazmun-mohiyatini partiya elektorati o‘rtasida keng targ‘ib qilish” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi rahbar va mas’ul xodimlari, plenum va ijroiya qo‘mita a’zolari, partiyaning shahar va tuman kengashlari raislari, xalq deputatlari shahar va tuman Kengashidagi partiya guruhi a’zolari, partiya faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Mahallalarni rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida 337 ta aniq tadbir belgilangan bo‘lib, 2026-yilda sohalar kesimida 59 ta normativ-huquqiy hujjat hamda strategik ahamiyatga ega 12 ta alohida normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 16-fevraldagi “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, mahallalarni iqtisodiy, ijtimoiy va infratuzilmaviy jihatdan mustahkamlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
[gallery-27786]
Jumladan, 10 mingdan ziyod ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihasini amalga oshirish orqali 100 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi, kambag‘allik va ishsizlikdan xoli mahallalar soni 3,5 mingtaga yetkaziladi. Mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish uchun 20 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, mahalladagi muammolarni tezkor hal etish va ijrosini 24/7 onlayn nazorat qilish tizimi joriy etiladi.
Iqtisodiy islohotlar doirasida 2026-yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 167 milliard AQSH dollariga yetkazish, 2030-yilga qadar esa 240 milliard dollardan oshirish uchun mustahkam zamin yaratish ko‘zda tutilmoqda. Iqtisodiy o‘sish sur’ati 6,6 foizga yetkazilib, inflyatsiya darajasi 6-6,5 foizga tushiriladi. Shuningdek, 1 million fuqaroni doimiy ish bilan ta’minlash, 263 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish orqali kambag‘allik darajasini 2,8 foizga, ishsizlikni 4,5 foizga tushirish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, kasb-hunar ta’limi tizimini rivojlantirish maqsadida 2026/2027 o‘quv yilidan mamlakatimizning 7 ta hududida “Kasblar shaharchasi” tashkil etilib, texnikum o‘quvchilariga stipendiya to‘lash amaliyoti joriy etiladi. Hududlarda 24 ta malakani baholash markazi ishga tushiriladi va xalqaro standartlar asosida sertifikat berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha ilg‘or texnologiyalarni joriy etish orqali 7 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi va atmosferaga 11 million tonna zararli modda chiqarilishining oldi olinadi. 2026/2027 o‘quvyilidan har bir hududda 14 ta “yashil” texnikum tashkiletiladi. Shuningdek, elektromobillar uchun 16 foizgacha imtiyozlikreditlar ajratish taqozo etiladi.
Umuman olganda, qabul qilingan Davlat dasturi mahallani rivojlantirish, iqtisodiyotni innovatsion yo‘lga qo‘yish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi hamda islohotlar markazida inson manfaatini ustuvor qo‘yadi.
Tadbir davomida bir qator deputatlar va partiya kengashi vakillari fikr-mulohazalar bildirib, davlat dasturida belgilangan vazifalarni aholi, ayniqsa, partiya elektorati o‘rtasida partiyaning asosiy bo‘g‘ini hisoblangan boshlang‘ich partiya tashkilotlarida keng targ‘ib qilish ta’kidlandi va joylarda targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish vazifasi belgilab olindi.
Tadbir yakunida partiyaning dasturiy maqsad va vazifalarini targ‘ib qilishda faollik ko‘rsatayotgan bir qator tuman partiya Kengashlari zamonaviy kompyuter bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.