Davlat dasturi qay darajada ijro etilmoqda?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan Davlat dasturining 41-bandi ijrosi bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda parlament quyi palatasi deputatlari va Devoni xodimlari, tegishli vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda keyingi yillarda “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyili asosida davlat idoralarining aholi bilan doimiy muloqotini yo‘lga qo‘yish, aholi muammolari bilan ishlash bo‘yicha sifat jihatidan yangi va samarali tizim yaratildi.
Prezident Xalq qabulxonalari fuqarolarning murojaat qilishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish, aholi muammolarini hal etish va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish bo‘yicha samarali va ta’sirchan tuzilmaga aylandi. Natijada yillar davomida hal etilmay kelayotgan ko‘plab masalalar o‘z yechimini topa boshladi.
2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 41-bandida xalq qabulxonalarining huquqiy maqomini takomillashtirish yuzasidan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish belgilangan.
Yig‘ilishda ushbu masala ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar holati muhokama qilinar ekan, Adliya vazirligi tomonidan 41-band ijrosi yuzasidan normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilgani qayd etildi. Ushbu hujjatda Xalq qabulxonalari faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish va ularni davlat boshqaruvi tizimidagi maqomini mustahkamlash nazarda tutilayotgani ta’kidlandi.
So‘z olganlar vazirlikning bergan axborotlari yuzasidan o‘z fikr mulohazalarini, munosabatlarini bildirdi. Davlat dasturining ushbu bandi ijrosini belgilangan muddatlarda sifatli ta’minlash yuzasidan nazoratni yanada kuchaytirish bo‘yicha zarur taklif va tavsiyalar berildi.
O‘zA