Davlat dasturi ijrosida – jamoatchilik nazoratining o‘rni
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsad va vazifalar ijrosi doirasida jamoatchilik nazorati – adolatli jamiyat va huquqiy davlat qurish, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash muhim amaliyot sanaladi.
Shu jihatdan, Jizzax viloyatida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari qonunchilik doirasida davlat hokimiyati va boshqaruv organlari hamda nodavlat tashkilotlar faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati amalga oshirib kelayotganini alohida ta’kidlash lozim.

Yurtboshimizning joriy yil 21 fevraldagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 2024 yil “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” davlat dasturi bo‘yicha Prezident farmonining 32-bandida “Yuksalish” harakati Davlat dasturining amalga oshirilishini, shu jumladan, joylarga chiqib, jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda tanqidiy o‘rganib borishi va natijalari bo‘yicha har oyda yuqori turuvchi organga axborot kiritib borishining mustahkamlab qo‘yilishi bu borada samarali jamoatchilik nazoratini olib borilishini belgilab beradi.

Jumladan, davlat hokimiyati organlari, vazirlik va idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari Harakatning mazkur band ijrosi bo‘yicha faoliyatiga har tomonlama ko‘maklashib borishi, ularga zaruriy shart-sharoit yaratib berishining belgilab qo‘yilishi Davlat dasturining samarali ijrosida katta omil bo‘lib xizmat qiladi.

Shundan kelib chiqib, Harakatning Jizzax viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan davlat dasturi ijrosi, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi yuzasidan jamoatchilik nazoratining shakllari bo‘lgan davlat organlariga murojaatlar va so‘rovlar, jamoatchilik muhokamasi, jamoatchilik eshituvi, jamoatchilik fikrini o‘rganish hamda jamoatchilik monitoringi mexanizmlaridan foydalangan holda o‘z faoliyatini amalga oshirib kelmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida qabul qilingan farmon, qarorlar hamda davlat dasturlari ijrosi bo‘yicha bo‘linma tomonidan 15 dan ortiq jamoatchilik monitoringi, 6 ta jamoatchilik eshituvi o‘tkazilib, davlat dasturining ijro muddati yetib kelgan bandlari yuzasidan jamoatchilik nazorati olib borilmoqda.

Jumladan, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida umumiy o‘rta ta’lim maktablarini mebel, o‘quv-laboratoriya asbob-uskunalari, sport anjomlari va texnik vositalar bilan ta’minlash, maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi umumta’lim maktablarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash hamda umumta’lim maktablarining sanitariya-gigiyena infratuzilmasini bosqichma-bosqich ta’mirlash, shuningdek, “Muhandislik sohasida kadrlar tayyorlaydigan salohiyatli oliy ta’lim muassasalari tashkiliy-boshqaruv faoliyatini takomillashtirish, ularning ilmiy faoliyat samaradorligini oshirish va moddiy texnik ta’minotini mustahkamlash”, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar hamda boshqa qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosi yuzasidan mutaxassislar, soha ekspertlarini jalb etgan holda jamoatchilik monitoringlari tashkil etilib, o‘tkazilgan monitoring yakunlari yuzasidan tegishli tashkilotlarga tahliliy ma’lumotnomalar kiritildi.

Ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish masalasi kelgusida insonlarni rozi qilish, ularning tashvishlarini tezkor o‘rganish va hal qilishning eng samarali usuli – xalq bilan ochiq muloqotning huquqiy va amaliy mexanizmlarini yanada takomillashtirish, jamiyat hayotidagi, davlat boshqaruvidagi muhim qarorlarni jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda qabul qilish amaliyotini kengaytirish uchun xizmat qiladi.
Jasurbek Qarshiyev,
“Yuksalish” harakati Jizzax viloyati
hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi.
O‘zA.