Davlat boshqaruvida jamoatchilik nazorati kuchayadi
Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi bugungi kunning dolzarb masalalaridan biridir.
Davlatimiz rahbarining shu yil 16 iyundagi «Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni shu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Adliya vazirligi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan mazkur farmonda belgilanayotgan yangi tartiblar bo‘yicha Adliya vazirligi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Adliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimlari farmondagi yangiliklar bilan tanishtirdi.
Farmonda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxati (33 ta) tasdiqlandi.
Endilikda davlat organlari va tashkilotlari o‘z faoliyatiga oid hisobotni har yili 1 martgacha veb-saytlariga joylashtiradi. 10 martgacha uni jamoatchilik ishtirokida muhokama etish haqida xabar beradi. 1 aprelgacha hisobotni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama etish uchun matbuot anjumanlari o‘tkazadi.
2021 yil 1 iyuldan quyidagilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Ochiq ma’lumotlar portaliga va davlat organlari va tashkilotlari veb-saytlariga joylashtirilib, har chorakda yangilab boriladi: amalga oshirilgan davlat xaridlari; mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari; Prezident, Vazirlar Mahkamasi hujjatlari bilan soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar, shu jumladan, individual imtiyozlar berilgan sub’ektlarning benefitsiarlar, ular tomonidan to‘langan soliqlar va moliyaviy ko‘rsatkichlar; o‘zlarining yillik xarajatlar smetasi va uning ijrosi, shu jumladan, ob’ektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ishlari, avtomototransport vositalarini sotib olish xarajatlari.
Shuningdek, OTMning bakalavriat va magistratura imtihonlari, o‘qishni ko‘chirish bilan bog‘liq imtihonlar va nostrifikatsiya test sinovlarini o‘tkazish jarayonini Internetda jonli efirga uzatish tartibi joriy etiladi.
Bunda 2021/2022 o‘quv yili qabuligacha imtihonlarni Internetda jonli efirga uzatishni ta’minlaydigan, barcha foydalanuvchilar uchun ochiq bo‘lgan “imtihon.uz” veb-platformasi ishga tushiriladi.
2021 yil 1 avgustgacha Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi rasmiy veb-saytida va Portalda Ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari to‘g‘risidagi axborot bazasi ishga tushiriladi.
Farmon bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi. Xususan, Agentlik davlat organlari va tashkilotlarining ma’lumotlarni Internetga joylashtirish majburiyatlari hisobini yuritadi. Shu bilan birga murojaatlardan kelib chiquvchi davlat organlari va tashkilotlarining ochiqligi va shaffofligiga oid dolzarb masalalarni “Mening fikrim” veb-portali orqali umumxalq muhokamasiga chiqaradi.
2021 yil 1 dekabrdan yil yakunlari bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlarining Ochiqlik indeksi aniqlanadi, Qonunchilik palatasi va Senat majlislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalari, shuningdek taraflarning roziligi bilan ayrim huquqbuzarliklarga va oilaviy nizolarga oid fuqarolik sud ishlari telekanallar hamda Internet orqali jonli efirga uzatiladi.
Farmon bilan joriy etilayotgan yangi qoidalar davlat boshqaruvini amalga oshirishda aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yishda muhim omil bo‘ladi. Davlat organining nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorligini ta’minlaydi. Muhimi, jamoatchilik nazorati yanada kuchayadi.
N.Abduraimova, O‘zA