Davlat boshqaruvi sifatini baholashga yangicha yondashuv shakllanmoqda
O‘zbekistonda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga qaratilgan “Uzbekistan Government Quality Award” dasturi doirasidagi amaliy ishlar yangi bosqichga kirdi.
Ilg‘or xalqaro tajriba, xususan Birlashgan Arab Amirliklari modeli asosida joriy etilayotgan mazkur tashabbus davlat idoralari faoliyatini kompleks baholash orqali zamonaviy boshqaruv standartini joriy etish, davlat xizmati sifatini oshirish hamda ochiqlik va hisobdorlik madaniyatini shakllantirishga qaratilgan.
[gallery-28589]
Dasturda 41 vazirlik va idora ishtirok etmoqda. Har bir tashkilotda mas’ul koordinator belgilangan bo‘lib, markaziy tizim bilan doimiy aloqa va tezkor axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.
Tayyorgarlik jarayonida BAA ekspertlari ishtirokida qator seminar va treninglar o‘tkazilib, tinglovchilarga baholash mezoni, metodologiya va natijani to‘g‘ri aks ettirish bo‘yicha amaliy ko‘nikma berildi.
Ayni payt vazirlik va idoralardan taqdim etilgan anketalarni tekshirish va kompleks baholash davom etyapti. Shuningdek, shakllantirilgan milliy baholovchilar guruhi bosqichma-bosqich o‘qitilib, sertifikatlashtirish tashkil qilingan.
Dasturning bugun boshlangan muhim bosqichi – joylarda baholash 16-aprelgacha cho‘ziladi. Bu jarayonda milliy va xalqaro ekspertlar tomonidan tashkilotlar faoliyati chuqur o‘rganiladi, intervyular uyushtiriladi va tahlil amalga oshiriladi. Yakunda g‘oliblar aniqlanib, may oyida taqdirlash marosimi o‘tkaziladi.
“Uzbekistan Government Quality Award” davlat boshqaruvida natijadorlikni kuchaytirish, xalqaro standartni joriy etish orqali aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladigan muhim platforma sifatida baholanmoqda.
Musulmon Ziyo,
Farhod Abdurasulov va Asliddin Alijonov (surat),
O‘zA muxbirlari