Darvozaga osilgan kurtka
Bu manzarani tasavvur qilish ogʻir, tasvirlash esa undan-da qiyin.
2020-yil 1-may. Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida yuz bergan suv toshqini haqida xabarlar tarqala boshladi. Ommaviy axborot vositalari, internet tarmoqlarida aholi tomonidan yozib olingan lavhalarni koʻrar ekanman, bundan roppa-rosa 23 yil muqaddam qishlogʻimizda yuz bergan ofat koʻz oldimga kela boshladi...
1997-yil 1-may. Azim Qoraxtoy qishlogʻida odatiy hayot qaynagan iliq bahor kunlarining biri. Dafʼatan turgan kuchli shamol qora bulutlarni eltib keldi-yu, sharros yomgʻir quya boshladi. Bu holni tabiatning injiqligiga yoʻyib, qishloq ahli oʻzini uyga urishdi. Qattiq shamol taʼsirida chiroq ham oʻchgan. Kech kirganda, kutilmaganda, qishloqni sel bosdi. Koʻchalar toʻlib qum, shagʻal-u katta-katta toshlar oqa boshladi. U paytda uyali aloqa bor deysizmi, FVVdan sel xavfi bor, deb ogohlantirish kelsa. Qishloq ahliga sira kutilmagan zarba boʻldi bu ofat. Odamlar sarosimaga tushdi. Koʻz oʻngida qoʻshni uyni tag-tugi bilan suv oqizib ketsa, dahshatga tushishi tabiiy. Kim shiyponiga chopgan, yana kimdir beshikda oqib ketayotgan bolasini tutishga uringan...
Bu manzarani tasavvur qilish ogʻir, tasvirlash esa undan-da qiyin. Shu onda har bir xonadon erkaklari uydagi bolalar-u ayollarni, qoʻni-qoʻshnilarni qutqarishga, suv kirmagan hovlilar orqali ularni boshqa joyga koʻchirishga urinishardi.
Oʻsha kuni oilamiz ustuni, otamiz Moʻmin Mutalov uyda emasdi. Aynan bizning koʻchadan juda katta oqim oʻtgani sabab, uydagilarni qoʻshni hovli orqali olib chiqib, Nurobod qoʻrgʻoniga avtobusda olib ketishgan. Bundan bexabar dadam uyga qaytib, uydagilarni qutqarishga shoshiladi. Doʻsti harchand qaytarishga urinmasin, hamma oqimdan qochayotgan mahal u kishi oʻzlarini oqim tomon otib, uyga oshiqadi. Dadamni shashtidan qaytarolmasligini tushungan doʻsti oʻzining charm kurtkasini dadamga kiydirib, ehtiyot boʻlishini tayinlaydi. Dadam tabiatan oʻta orasta edilar. Egnilariga qil yuqtirmay, tuflilarini oynadek yaltiratib kiyishlari, shimida birorta gʻijim boʻlmasligi hamon koʻz oldimda. Koʻchaning boshiga yetganlarida, asosiy oqim bizning koʻchadan oʻtib, Ohangaron daryosiga quyilayotganini koʻrgan dadam toʻxtab, oyoq kiyimlarini yechib, qoʻllariga iladilar. Orastaliklari sababmi, yo boshqa, bunisi menga qorongʻu. Balki loy ilakishib yurishga, suzishga halal bermasligi uchundir, bunisi faqat dadam va Allohga ayon. Dadamni soʻnggi bor bir qoʻshnimiz suvda oqib ketayotib, “men ketdim”, deya xayrlashgan misoli qoʻlini baland koʻtargan holda chaqmoq yorugʻida koʻradi. U oʻsha onda kimligini anglamaydi. Faqat tong otgach, dadamning yoʻqligi aniq boʻldi. Hamma uni izlashga tushdi. Shu orada qoʻshnimiz dadamning yoʻqligini eshitib, yuqoridagi voqeani aytib beradi. Shundan soʻng, qutqaruvchilar, koʻngilli hamqishloqlar va barcha farzandlari izlab, daryo boʻyiga ketishdi. Dadamni tirik topish ilinji bizni bir soniya boʻlsa-da tark etmasdi. Axir dadam hali yosh, qolaversa, suzishga usta edi. Ammo sel uning yosh joniga koʻz tikib kelgan ekan, ularni jonsiz holda topdik. Dadamni oʻsha kuni oʻz eshigi oldidan oqib oʻtib, uyiga kirolmagani armon boʻlib qoldi bizga.
Oradan 20 yildan ortiq vaqt oʻtib, taqdir taqozosi bilan dadam soʻnggi bor uyida mehmon boʻlgan doʻsti bilan oʻsha mashʼum kun haqida gaplashib qoldik.
– Sel kelgan kechasi dadang uyga kirgan. Men janozaga borganimda, darvozaxona devoridagi mixga ilingan, oʻsha, men dadangga kiydirib yuborgan charm kurtkamni koʻrgandim, – dedi u.
Dadam nega yana koʻchaga qaytib chiqdi? Nega qoʻshni hovli orqali chiqib ketmadi? Bu narsalar mavhumligicha qoldi. Shunisi aniqki, Qoraxtoy ahli minglab bolalarga dars bergan ziyoli, chin tanti farzandini 1-may kuni yoʻqotgan edi...
Muhayyo NISHONOVA